Asosiy maqsad aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish
Buxoro viloyatida Davlat xizmatlari markazlari tomonidan joriy yilning birinchi yarim yilligida 22 mingtadan ortiq xizmat ko‘rsatilgan.
Bundan tashqari, 5 ming 136 ta yakka tartibdagi tadbirkor, 3 ming 442 ta yuridik shaxslar ro‘yxatdan o‘tgan. 1 ming 934 ta tadbirkorlik sub’ektlari qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgan.
Ko‘rsatilgan xizmatlar sonining oshishi DXMlardagi xodimlar shtat birligi soni oshirilmagan holda xodimlarning malakasini oshirish, elektron hujjat almashinuvini yaratish, internet tezligini oshirish, taqdim etiladigan hujjatlar va murojaatlarni ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish hisobiga amalga oshirilgan.
Boshqarmaga hisobot davrida 241 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 94 tasi qanoatlantirilgan. 102 tasiga huquqiy tushuntirish berilgan. 6 tasi o‘z arizasiga ko‘ra ko‘rmasdan qoldirilgan. 34 tasi taalluqliligi bo‘yicha vakolatli organlarga yuborilgan. 5 tasi o‘rganish jarayonida.
DXMlarda tashrif buyuruvchilar ko‘pligini inobatga olib navbatni elektron boshqarish tizimi joriy qilingan. Ushbu tizim xodim bir kunda nechta xizmat ko‘rsatgani, qanday xizmatlarni ko‘rsatgani, har bir xizmatni ko‘rsatish uchun qancha vaqt sarflagani, fuqarolar tomonidan xodimga berilgan baholarni avtomatik umulashtirgan holda xodimlarni baholab boradi. Bu xodimlarni kelgusida rag‘batlantirish yoki aksincha chora ko‘rish uchun asos bo‘ladi.
Aholiga qulayliklar yaratish maqsadida davlat xizmatlarini DXM binolarida ko‘rsatishdan tashqari DXMlarga tashrif buyurmasdan YAIDXP orqali (200 dan ortiq) davlat xizmatlaridan foydalanish tizimi yaratilgan. Bunda onlayn murojaat qilinganida belgilangan to‘lovlarni 90 foiz undirilishi belgilanib, onlayn xizmatlardan foydalanish rag‘batlantirilmoqda.
2020 yil davomida my.gov.uz tizimi orqali onlayn ravishda jami 18 ming 258 ta davlat xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, 2021 yil 6 oyi davomida bu ko‘rsatgich 24 ming 67 tani tashkil qilmoqda.
Prezidentning 2021 yil 21-22 yanvar kunlari Buxoro viloyatiga tashrifi davomida berilgan topshiriklari bo‘yicha DXM orqali ko‘rsatib kelinayotgan xizmatlarning har bir oilaga kirib borishini ta’minlash, ularda YAIDXPdan foydalanish imkoniyatlarini o‘rgatish maqsadida boshqarma hamda Xalq ta’limi, Mahalla va oilani qo‘llab-kuvvatlash, Yoshlar ishlari agentligi viloyat boshqarmalari o‘rtasida Memorandumlar imzolandi.
Hamkor tashkilotlar bilan 2021 yilning birinchi yarim yilligida o‘tkaziladigan “mahorat darslari” doirasida o‘quv-mashg‘ulotlari, uchrashuvlar reja jadvali tasdiqlandi.
Yuqoridagi reja-jadvallarga muvofiq, belgilangan muddatlarda Buxoro viloyatidagi 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inlarining 300 dan ortig‘i hamda 790 ta ta’lim muassasalarida tushuntirish-targ‘ibot tadbirlari amalga oshirilgan.
DXMlarda o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish zonalari tashkil etilgan. Alohida kompyuter jamlanmasi ajratilib, internet bilan ta’minlangan. Bu joylarada fuqarolar mustaqil ravishda davlat xizmatlaridan foydalanadi. Xuddi shunday, aholini davlat xizmatlardan mustaqil foydalanishini ta’minlash maqsadida hozirda DXMlarda infokiosklar joylashtirilgan bo‘lib, kelgusida bu kabi infokiosklarni aholi gavjum joylar (bozorlar, vokzallar va h.k) da joylashtirish rejalashtirilgan.
Joylarda aholi fikri, davlat xizmatlariga bo‘lgan ehtiyojini inobatga olgan holda viloyatning eng olis hududlarida aholiga davlat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida jami 12 ta filiallar tashkil qilindi. Ushbu filiallar orqali joriy yilning o‘tgan 6 oyida 4 ming 322 dan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatilgan. Fililarlar tashkil etilmagan hududlarda “sayyor” xizmatlar ko‘rsatish joriy qilingan. 2 ta avtobus va 13 ta damas aholi xizmatida..
Davlat xizmatlaridan foydalanishni yanada soddalashtirish maqsadida DXMlarda kompozit xizmatlar ko‘rsatish joriy qilingan. Ya’ni bir murojaat bilan bir nechta xizmatlardan foydalanish mumkin. Jumladan, ilgari qurilishi tugallangan binoni foydalanishga qabul qilishda avval kadastr pasporti tayyorlanar, keyin foydalanishga qabul qilish dalolatnomasi tayyorlanadi keyin esa kadastr reyestrdan ko‘chirma (guvohnoma) olish uchun murojaat qilinardi. Hozirda ushbu 3 ta xizmat 1 ta binoni foydalanishga qabul qilish to‘g‘risidagi arizaga asosan bir vaqtning o‘zida bino foydalanishga qabul qilinib, kadastr pasport va guvohnomasi beriladi.
Bundan tashqari, barcha DXMlar “eksteritoriallik” tamoyili asosida xizmat ko‘rsatadi. Ya’ni fuqaroning yashash joyidan va yuridik shaxsning yuridik manzilidan qat’iy nazar davlat xizmatidan foydalanish uchun respublikadagi istalgan DXMga murojaat qilishi mumkin.
To‘lovlarni amalga oshirishda qulaylik yaratish maqsadida DXMlarda to‘lovlarni billing tizimi orqali amalga oshirish yo‘lga qo‘yilgan. Shuningdek, davlat xizmatlari natijasi bo‘yicha murojaatchilarga SMS xabar berish tizimi yaratilgan, murojaatchilarga xizmat jarayonlarini kuzatib borish imkoniyati yaratilgan.
Bundan tashqari, elektron tizimlar integratsiya qilinishi natijasida ma’lumotlar tizimda avtomatik ravishda shakllanadi, bu esa fuqarolardan ortiqcha hujjatlarni talab qilishni bekor qilib, xodimlar vaqtini tejab ish unumdorligini oshishi va xizmat ko‘rsatilishini tezlashishiga ham olib kelmoqda.
Davlat xizmatlari agentligi huzurida davlat muassasasi shaklidagi Axborot xizmatlarini rivojlantirish markazi tashkil qilindi. Markazning asosiy vazifalaridan biri sifatida aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga huquqiy masalalar bo‘yicha bepul maslahat va tushuntirishlar berish, fuqarolar, tadbirkorlik sub’ektlari va nodavlat notijorat tashkilotlarning kundalik hayotini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlari va davlat xizmatlari to‘g‘risidagi axborot bilan ta’minlash, aholiga, tadbirkorlik sub’ektlariga va nodavlat notijorat tashkilotlarga ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning YAIDXPda muntazam yangilab borilishini va ma’lumotlar dolzarbligini ta’minlash belgilandi.
Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda belgilangan natijalarga erishish faqat DXMlariga emas balki davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vakolatli organlarga ham bog‘liq. Ushbu vakolatli organlar tomonidan xodimlar malakasini oshirish, elektron bazalarni yaratish, integarsiya jarayonlarini tezlashtirish, xodimlarni zarur orgtexnika vositalari va internet bilan ta’minlash ham muhim rol o‘ynaydi.
Boshqarma tomonidan davlat xizmatlari ko‘rsatuvchi vakolatli organlar faoliyatini o‘rganish va monitoring qilish jarayonida yo‘l qo‘yilayotgan qonunbuzilish holatlarining sabablari tahlil qilindi. Zarur hollarda qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlash, xodimlar aybi bilan sodir etilgan bo‘lsa tegishli choralar ko‘rish, yuqori tashkilotlarga taqdimnomalar kiritilib kelinmoqda.
Jumladan, hisobot davrida jami 8 ming 680 ta qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Shundan, vakolatli organlar tomonidan 2 ming 889 ta holatda muddat buzilish, 766 ta holatda to‘g‘ridan to‘g‘ri xizmat ko‘rsatilgan. 277 ta holatda ortiqcha hujjat olingan. 8 ta holatda vakolatli organning qonuniy talabini bajarmaslik, 146 ta holatda asossiz murojaat rad qilingan. 4 ming 594 ta holatda boshqa qonun buzilish holatlari aniqlangan.
Qonun buzilishlarni bartaraf qilish yuzasidan jami 8 ta taqdimnoma va 137 ta ogohnomalar kiritilgan ham 99 nafar shaxsning ma’muriy javobgarlik masalasi hal qilingan.
Yana bir muhim yo‘nalish 2020 yilning 1 aprelidan FHDYO organlari Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga o‘tkazildi.
O‘tgan bir yilda tizimda qanday o‘zgarishlar bo‘ldi. Joriy yil 1 fevraldan tug‘ilishni qayd qilishda kompozit xizmatlar joriy qilindi. Bir ariza asosida (tug‘ilganlik haqida tibbiy ma’lumotnoma berish, tug‘ilishni qayd etish, MTT navbatga qo‘yish, bolani poliklinikaga hisobga qo‘yish, turar joy bo‘yicha hisobga qo‘yish, nafaqa puliga xabarnoma yuborish) xizmatlari amalga oshirildi. Bunda tug‘ilishni qayd qilish va turar joy bo‘yicha hisobga qo‘yish xizmatlari uchun undiriladigan yig‘im va davlat bojlari fuqarolardan undirilmasdan bola tug‘ilganligi uchun beriladigan nafaqadan chegirib qolinadi.
Qayim Xolov,
Davlat xizmatlari agentligi
Buxoro viloyati boshqarmasi boshlig‘i
O‘zA