Asmita Satyarthi: O‘zbekistonning global miqyosdagi yetakchiligi, yoshlarga qaratayotgan e’tiborini qadrlaymiz
Samarqand global konferensiyasida ishtirok etayotgan Global mehr-shafqat uchun Satyarthi harakati bosh direktori Asmita Satyarthi o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi:
– Konferensiyaning birinchi kuni juda ajoyib o‘tdi. Avvalo, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga, shuningdek, bugun biz bilan birga bo‘lgan barcha senatorlarga samimiy qabul, yuksak mehmondo‘stlik va tadbirning yuqori saviyada tashkil etilgani uchun chuqur minnatdorlik bildiraman.
O‘zbekistonning global miqyosdagi yetakchiligi, ayniqsa, yosh parlament a’zolarini qo‘llab-quvvatlashga qaratayotgan e’tibori va sa’y-harakatlarini yuksak qadrlaymiz.
Demokratik qadriyatlar, inson huquqlari, erkinlik, adolat va har bir insonning qadr-qimmatini himoya qilish tamoyillarini mustahkamlash nihoyatda muhim. Bu borada O‘zbekistonning tutayotgan o‘rni va qo‘shayotgan hissasi uchun alohida minnatdorlik bildirmoqchiman.
Bugun ham nufuzli anjuman ishi samarali kechmoqda. Turli mamlakatlardan kelgan parlament a’zolari bilan muloqot qilish, ularning ilg‘or tajribalarini o‘rganish, bilim va tajriba almashish hamda kelgusida birgalikda hamkorlik qilish uchun bu juda yaxshi imkoniyatdir.
Norgul Abduraimova,
O‘zA