Asl xotiralar arxivlarda saqlanadi
O‘zbekiston tarixi davlat muzeyida “O‘zarxiv” agentligi, O‘zbekiston Milliy arxivi va O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivi hamkorligida “Xotira – abadiy, inson qadri – muqaddas” mavzuida ariv hujjatlari ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tdi.
9 may – Xotira va qadrlash kuni va O‘zbekistonning Ikkinchi jahon urushidagi buyuk g‘alabasiga qo‘shgan ulkan hissasini keng ommaga targ‘ib qilish, yoshlarni ona-Vatanga muhabbat ruhida tarbiyalash maqsadida tashkil etilgan fotoko‘rgazmada 1941-1945 yillarga oid arxiv hujjatlari namoyish etildi. Shuningdek, O‘zbekiston tarixi davlat muzeyi eksponatlari asosida Ikkinchi jahon urushi va uning asoratlari aks ettirilgan tarixiy manbalar havola qilindi.

Ko‘rgazmada urush davrida xarbiy xizmat qilgan tarixiy shaxslarning tarjimai holi, faoliyati, yozilgan ilmiy ishlari, oilasi, unvonlari haqida to‘liq ma’lumot berildi. Arxivda saqlanayotgan “Frontdan xatlar” va O‘zbekiston Respublikasining barcha viloyatlari bo‘yicha 1941-1945 yillar urushda halok bo‘lgan va bedarak yo‘qolgan jangchilar haqida ma’lumot berilgan “Xotira” nomli ko‘p jilddan iborat to‘plam ham ishtirokchilarga xavola etildi. Ishtirokchilar “O‘zarxiv” agentligi va Mudofaa vazirligi tomonidan hamkorlikda nashr etilgan “Askar maktublari” kitobi bilan yaqindan tanishdi.


Shuningdek, tadbir davomida O‘zbekiston Kinofotofono hujjatlari milliy arxivining alohida qimmatli va noyob arxiv hujjatlaridan tayyorlangan arxivning Ikkinchi jahon urushi davrini aks ettiruvchi tarixiy kinohujjatlaridan ham lavhalar namoyish qilindi. Urush davridagi jangovar vatanparvarlik qo‘shiqlari va urush xotiralari kabi fonohujjatlar muzey zalida yangradi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA