Askarlar Vatanga qasamyod qildi
Mudofaa vazirligining Buxoro viloyatidagi harbiy qismlarida muddatli harbiy xizmatni o‘tashga chaqirilgan o‘g‘lonlarning tantanali Vatanga qasamyod qabul qilish marosimlari bo‘lib o‘tmoqda.
Milliy gvardiya safida xizmat qilishga chaqirilgan yigitlarning harbiy qasamyod qabul qilish marosimida Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi viloyati bo‘limi hamda viloyat "Vatanparvar" tashkiloti mas’ullari qatnashdi. Askarlarga "Prezident sovg‘a"si topshirildi.

– Biz harbiylar “O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!” degan ulug‘ kalomni tilga olganimizda, vujudimizni qandaydir qudratli kuch qamrab oladi, – deydi harbiy qism komandirining o‘rinbosari, kapitan M.Mirahmedov.
– Bu, albatta, Vatanimizga bo‘lgan sadoqatimiz va muhabbatimiz tufaylidir. – Bugun juda ko‘p yigitlar ana shunday hayajonli onlarni boshdan kechirishdi. Eng muhimi, ular mustaqillik yillarida tug‘ilib voyaga yetgan, yurtimizdagi zamonaviy imkoniyatlardan to‘la foydalanib, ta’lim-tarbiya olgan o‘g‘lonlardir. Ishonchimiz komilki, kelgusi bir yil – muddatli harbiy xizmat davri askarlar uchun chinakam hayot maktabi vazifasini o‘taydi.

– Bu kun hayotimda unutilmas lahzaga aylandi, – deydi muddatli harbiy xizmatchi, oddiy askar A.Tohirov. – Chunki harbiy qasamyod qabul qilish katta sharaf va mas’uliyatdir. Qasamyodimga sodiq bo‘lib, Vatanimiz tinchligini asrash yo‘lida munosib xizmat qilaman.
Tadbirda Milliy gvardiya harbiy xizmatchilari tomonidan ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Zarif Komilov, O‘zA