Askarlar imtiyoz uchun test topshirdi
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari Kichik mutaxassislar tayyorlash markazida Markaziy harbiy okrugi Samarqand garnizonidagi harbiy qismlarda yigitlik burchini o‘tayotgan muddatli harbiy xizmatchilar harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasini olish bo‘yicha test sinovlarini topshirdi.
Ma’lumki, harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasini olgan muddatli harbiy xizmatchilar respublikamizning oliy harbiy ta’lim muassasalaridagi tegishli ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirishda test sinovlari natijalariga ko‘ra to‘plagan ballarining 50 foizi miqdorida qo‘shimcha ball shaklidagi imtiyozga, respublikaning oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga o‘qishga kirishi uchun tegishli o‘quv yiliga tasdiqlanadigan oliy ta’lim muassasalariga qabul parametrlaridan tashqari alohida ajratilgan qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish huquqiga ega bo‘ladi.
[gallery-10368]
O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkazilayotgan test sinovlari muddatli harbiy xizmatchilarning jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarining o‘zlashtirganligini yakuniy baholash hamda ularning bilim darajasini tekshirish maqsadida tashkil qilingan.
– Harbiy xizmat davomida jangovar va ma’naviy-ma’rifiy tayyorgarlik dasturlarini puxta o‘zlashtirib, test sinovlariga munosib tayyorgarlik ko‘rdim, – deydi oddiy askar Asomiddin Abdulazizov. – Harbiy qismda yaratilgan sharoitlar bilimimizni mustahkamlash, o‘z ustimizda ishlashda qo‘l keldi. Belgilangan umumiy 100 ta test savollarini 3 soat vaqt oralig‘ida ishlab chiqdim. O‘ylaymanki, natija kutganimdek bo‘ladi va harbiy qism qo‘mondonligining tavsiyanomasini olaman. Maqsadim harbiy bilim yurtida o‘qib, shu sohada ishlash, Vatanimizning sodiq himoyachisi bo‘lishdir.
G‘.HASANOV, A.ISROILOV (surat), O‘zA