Ashxobodda MDH Iqtisodiy kengashining 111-yig‘ilishi o‘tkazilmoqda
Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi Iqtisodiy kengashining 111-yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.
MDH Ijroiya qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, yig‘ilish kun tartibidan Hamdo‘stlikka a’zo davlatlar o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishga qaratilgan 28 ta masala o‘rin olgan. Ularning 12 tasini keyinchalik MDH Hukumat rahbarlari kengashi ko‘rib chiqishi rejalashtirilgan.
Xususan, 2026–2030-yillarda MDH davlatlari hududida xalqaro tashuvlarni amalga oshirishda transport xavfsizligini ta’minlash strategiyasini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi, yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlari uchun istiqbolli materiallar ishlab chiqarish sohasida hamkorlikni rivojlantirish konsepsiyasi va uni amalga oshirish masalalari kun tartibiga kiritilgan. Shuningdek, qator sohaviy hamkorlik organlarining hisobotlari hamda moliyaviy masalalarni muhokama qilish ko‘zda tutilgan.
MDH Bosh kotibi Sergey Lebedevning ma’lum qilishicha, yig‘ilishga kiritilgan masalalar bo‘yicha dastlabki muhokamalarda tomonlar o‘rtasida kelishuvga erishilgan. Qabul qilinadigan qarorlar MDH doirasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishi kutilmoqda.
A.Mamatov, O‘zA