“Asaka tomorqachilik maktabi” – ilg‘or tajribalar maskani
Tomorqa – daromad manbai
Keyingi yillarda mamlakatimizda tomorqachilikni rivojlantirish, tomorqadan samarali foydalanish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Chunki dehqon xo‘jaliklari, tomorqa yer maydonlaridan samarali foydalanish, shu orqali yurtdoshlarimizning daromadini oshirish, xalqimiz turmush farovonligini yuksaltirish muhim omillardan biri hisoblanadi. Bu borada Asaka tumanida e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev kuni kecha Andijon viloyatiga qilgan tashrifi doirasida viloyatni kompleks rivojlantirish bo‘yicha ustuvor vazifalar yuzasidan o‘tkazilgan yig‘ilishda joriy yildan boshlab tomorqadan foydalanish bo‘yicha yangi tizim ishlayotganligini ta’kidlab, Asaka tumanining Otish, Obod mahallalarida mavjud issiqxonalarning aksariyatidan yiliga uch marta hosil olinayotganligi, tomorqa va issiqxonalardan unumli foydalanish muhimligini aytib o‘tdi.
Yig‘ilishda viloyatdagi qolgan mahallalarda ham bu tajribadan unumli foydalanish muhimligi qayd etildi. Mutasaddilarga, ayniqsa, tumandagi mahallalarga ko‘chat, arzon urug‘ va mineral o‘g‘it yetkazib berish tizimini butun respublikada joriy qilish topshirildi.
[gallery-22874]
Davlatimiz rahbari Asakadagi yutuqlarni bejiz ta’kidlamadi. Tumanda bu borada haqiqatdan ham o‘ziga xos, ilg‘or tajribalar shakllangan.
Asaka tumanida ijaraga berilgan va tomorqa yer maydonlarida “Kompaniya – kooperativ – dehqon xo‘jaligi”, “Bir kontur – bir mahsulot” tamoyillari asosida qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, mazkur yo‘nalishga ilg‘or ish uslublarini joriy etish, xususan, issiqxona xo‘jaliklarini tashkil etish borasida salmoqli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda tumandagi 77 ta mahalladan 33 tasi dehqonchilik va issiqxonachilikka ixtisoslashgan bo‘lib, bu ish ortidan nafaqat mahsulot yetishtirish hajmi, balki aholining daromadlari ortib bormoqda. Qolaversa, 8 ming 600 nafar fuqaroning bandligi ta’minlangan.
Tuman mahallalaridagi 58 ming 306 ta xonadonga qarashli 2 ming 940 gektar, shuningdek, aholi va dehqon xo‘jaliklariga ijaraga berilgan 854 gektar yer maydonidan samarali foydalanish orqali 2024 yilda 156 ming tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirildi. Eng muhimi, tomorqa egalarining 52 foizi yiliga ikki marta, 42 foizi uch marta hosil olishga erishdi.
Ayniqsa, erta bahordan Asakaning Axtachi, Devatagi, Obod, Otush mahallalaridan uzoq-yaqindan keluvchilarning qadami uzilmaydi. Chunki ushbu mahallalar asosan pomidor, bodring, bulg‘or qalampiri, karam ko‘chatlari yetishtirishga ixtisoslashgan eng ilg‘or mahallalar hisoblanadi. Shu bois ushbu mahallalardan respublikamizning barcha viloyatlaridan, shuningdek, Qoraqalpog‘iston va qo‘shni Qirg‘iziston, Tojikiston Respublikalaridan kelib ko‘chat olib ketadigan doimiy mijozlar bor. Umuman, Asakaning ushbu mahallalarini ko‘pchilik ko‘chatchilar mahallasi sifatida yaxshi biladi.
Mazkur mahallalardagi 85-90 foiz aholi xonadonlari tomorqasida issiqxonalar barpo etilgan. Aholi tomorqadan unumli foydalanish, xalqimiz dasturxonini issiqxonada pishib yetiladigan turli noz-ne’matlar bilan to‘ldirish, urug‘ va ko‘chat yetishtirish orqali ko‘p yillardan buyon katta daromad olib keladi. Tomorqa sohibining samarali mehnati, intilishi, izlanishidan nafaqat uning o‘zi, balki ko‘plar manfaat ko‘radi. Buni aynan asakalik mirishkorlar faoliyati misolida ko‘rish mumkin.
Yuqoridagi mahallalarning qaysi bir ko‘chasiga, xonadoniga kirmang, issiqxonalarda yetishtirilayotgan biri- biridan ko‘rkam ko‘chatlarni, pishayotgan bodring va pomidorlarni ko‘rib, ko‘zingiz quvnaydi.
Tuman hokimligi tashabbusi bilan “Asaka agro-star” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan har bir mahallada urug‘ va mineral o‘g‘itlar, zarur mini texnika vositalari hamda jihozlar savdo shoxobchalari, turli o‘simlik zararkunanda va kasalliklariga qarshi kurashish bo‘yicha xizmatlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
– Maqsadimiz dehqonlarga, issiqxona xo‘jaligi egalariga ko‘maklashish, – deydi “Asaka agro-star” MCHJ rahbari Dostonbek Abdunazarov. – Hududlarda tashkil etilgan savdo shoxobchalarimiz orqali dehqonlarga plyonka, turli jihozlar, mineral o‘g‘itlar yetkazib beriladi. Bundan tashqari, mutaxassislarimiz issiqxonalarni doimiy kuzatib, nazorat qilib boradi. Agar turli kasallik, zararkunandalar paydo bo‘lishi aniqlansa, bunga qarshi zudlik bilan choralar ko‘riladi.
Otush mahallasida “Zamonaviy agrokompleks majmuasini amalga oshirish” loyihasi doirasida mahallalardagi issiqxona tashkil etish, mazkur yo‘nalishda dehqonchilik qilish istagidagi aholi vakillarini o‘qitish, ularda muayyan tajriba va ko‘nikmalar shakllantirish maqsadida “Asaka tomorqachilik” maktabi o‘quv kursi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Tumandagi mahallalar raislari, hokim yordamchilari, umuman, mahalla yettiligi tavsiyasi bilan issiqxona tashkil etish istagidagi kishi o‘quv kursiga kelib, bepul o‘qishi, bilim olishi, malaka oshirishi, tajriba o‘rganishi mumkin. Eng asosiysi, bu yerda nazariy mashg‘ulotlar amaliyot bilan uyg‘unlikda olib boriladi. Maktabning maxsus xonalari zarur adabiyotlar, jihozlar, amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun texnika vositalari bilan ta’minlangan.
– “Asaka tomorqachilik maktabi” o‘quv kurslarida joriy yilning o‘tgan davri davomida yuzlab yurtdoshlarimiz tahsil oldi, – deydi o‘quv kursi o‘qituvchisi, lider tadbirkor Sardorbek Tursunboyev. – Men o‘n yillardan ortiq vaqtdan buyon tomorqachilik bilan shug‘ullanib kelaman. Mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yaxshi bilaman. Kurs tinglovchilarini qiziqtiradigan, ish bilan bog‘liq har qanday masalada zarur bilim va ma’lumotlar berishga, amaliy malakalarini boyitishga alohida e’tibor qarataman.
Chunki bu yerga kelib ish o‘rgangan odam ertaga o‘z tomorqasida, ijaraga olgan yer maydonida mustaqil ish olib borish darajasidagi bilim va malakaga ega bo‘lishi kerak.
Bir so‘z bilan aytganda, tomorqa va ijara yer egalarining samarali mehnati, intilishi, izlanishidan nafaqat ularning o‘zlari, balki jamiyat manfaat ko‘rmoqda. Tomorqadan unumli foydalanish borasida olib borilayotgan ibratli ishlar samarasida xalqimiz dasturxonining to‘kinligi ta’minlanmoqda, aholining turmush farovonligi yuksalmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari