Arveladze ortidan Abramov ham Superligani tark etadimi?
Tez orada yangi mavsum start oladi. Klublar pandemiya sabab uzoq davom etgan chempionatni yakunlashdi va qisqa dam olishdan so‘ng yana maydonga qaytishdi. Ayni paytda Superliganing deyarli barcha jamoalari o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini boshlab yuborishgan. Turgan gapki, futbolchilarning u jamoadan bunisiga «ko‘chib» yurish kompaniyasi boshlangan.
Bugundan jamoalarning yig‘inlari qachon va qayerda boshlanganiyu tarkibdagi «keldi-ketdi»lar, o‘rtoqlik uchrashuvlari haqida ma’lumot berib borishni lozim topdik. Shuni ta’kidlash joizki, «keldi-ketdi»larning aksariyati rasmiy maqomga ega emas. Sababi, murabbiylar o‘zlari bilgan, sinovdan o‘tgan futbolchilar bilan darhol kelishuvga erishishni lozim topsa, aksariyat futbolchilarning sinovi bir necha kunga, hatto haftalargacha davom etadi. Hatto bir kunga «kelib-ketuvchilar» ham yo‘q emas. Quyida nomi e’lon qilingan futbolchilar sinovda ishtirok etayotganlar, ular bilan shartnoma tuzish-tuzmaslik masalalari esa boshqa masala...
«PAXTAKOR»
Jamoa yangi mavsumga 14 yanvar kuni Toshkentda tayyorgarlikka kirishdi. 21 yanvardan 5 fevralga qadar yig‘inni BAAning Dubay shahrida davom ettirishni rejalashtirmoqda. Yig‘in doirasida «Zenit» (Sankt Peterburg, 24 yanvar), «Spartak» (Moskva, 30 yanvar), «Riga» (Latviya, 3 fevral) klublari bilan o‘rtoqlik uchrashuvlari tashkil etish belgilangan.
Keldi: Jamoaga gollandiyalik Piter Xyuistra bosh murabbiy bo‘lganligini xabar qildik. Piter Xyuistraga avstraliyalik Mirko Yelichich yordam beradigan bo‘ldi. Klub tarbiyalanuvchilari, ammo 2020 yilni ijara asosida boshqa klublarda o‘tkazgan Humoyunmirzo Iminov (Belarus, «Energetik BGU»), Shohruh Mahmudhojiyev («Navbahor»), Ibrohim Halil Yo‘ldoshev («Bunyodkor») yana o‘z klublariga qaytishdi.

Ketdi: Bosh murabbiy Shota Arveladze jamoani tark etdi. Tajribali o‘yinchi Doston Hamdamov BAAning «Al-Nassr» klubi bilan kelishuvga erishdi. Jaloliddin Masharipov Saudiya Arabistonining «Al-Nassr» klubi bilan muzokaralar olib borayotganligi haqidagi xabarlar tarqalgandi, lekin hali «ish pishganicha» yo‘q. Javohir Siddiqov «Lokomotiv»ga borib qo‘shildi. Shu jamoada, shuningdek, Sadriddin Abdullayev ham ko‘rikdan o‘tyapti. Jamoani darvozabonlar murabbiyi Denis Ivankov ham tark etgan. Bahodir Abduvaliyev, Humoyun Sherbo‘tayev («Bunyodkor»), Alisher Salimov («Surxon»), Igor Sergeyev o‘z omadlarini boshqa jamoalarda sinab ko‘rmoqchi.
«BUNYODKOR»
Bu yildan boshlab terma jamoalar bosh murabbiylari termadan boshqa klublarda ish olib borishi ta’qiqlangani bois, «Bunyodkor» jamoasi bosh murabbiyi Vadim Abramov ham ayni paytda shogirdlari bilan birga emas. Garchi bu masala hali hal etilmagan bo‘lsada, futbolchilar Marat Miftaxutdinov murabbiyligida 5 yanvardanoq mashg‘ulotlarga kirishgan.

Jamoa ayni paytga qadar ikkita o‘rtoqlik uchrashuvi o‘tkazishga ham ulgurdi. 11 yanvarda Birinchi liga vakili «Rubin»ni 3:1, 13 yanvarda esa AGMkning o‘rinbosarlar guruhini 3:2 hisoblarda mag‘lubiyatga uchratdi. Ertaga Pro-liganing «Oqtepa» jamoasi bilan kuch sinashishni rejalashtirgan.
Keldi: 2020 yilgi mavsumni Janubiy Koreya va Xitoy chempionatlarida o‘tkazgan Islom To‘xtaxo‘jayev va Oleg Zoteyev, «Navbahor»da ijarada bo‘lgan Javlon Ibrohimov ortga qaytdi. Shuningdek, mashg‘ulotlarda nigeriyalik Ibrahim Tomiva, Sunnatilla Abdullajonov («Qizilqum»), Ravshan Yagudin («Oqtepa»), Odiljon Abdurahmonov («Oloy», Qirg‘iziston), Bahodir Abduvaliyev, Humoyun Sherbo‘tayev («Paxtakor»), Muhammadali G‘iyosov («Buxoro»), Muhammadqodir Hamraliyev («Dinamo»), Bahodir Daminov («Yashnobod»), Shamsiddin Sa’dullayev («Sho‘rtan») kabi futbolchilar ishtirok etishmoqda.
Ketdi: Abdumavlon Abdujalilov, Islom Qobilov, Sanjar Qodirqulovlar «Lokomotiv» bilan kelishuvga erishgan. Dilshod Ahmadaliyev AGMKda, Javohir Qilichev va Jahongir Umurzoqov «Andijon»da o‘z omadlarini sinab ko‘rishyapti. Turkmanistonlik Selim Nurmuradov va tojikistonlik Davronjon Ergashevlar o‘z yurtlariga qaytishgan, Anvar G‘ofurov esa futbolchilik faoliyatini tugatganligi qayd etilmoqda.
Oybek YUNUSOV, O‘zA