Armondan haqiqatgacha: O‘zbekiston tibbiyotidagi yangi era va shifokor sha’nining tiklanishi
Shifokorlik – shunchaki kasb yoki kundalik yumush emas, balki kecha-yu kunduz bedorlikni, o‘zgalar dardini o‘z tanasida his qilishni talab etadigan buyuk qismatdir. Bu – inson hayoti va taqdiri uchun mas’uliyatni chin yurakdan his etish demak. Biroq yaqin o‘tmishda tibbiyotimiz juda og‘ir kunlarni boshdan kechirdi: moddiy-texnik bazaning eskirgani, shifokorlar obro‘si va maoshining pastligi, dori-darmon hamda zamonaviy jihozlar taqchilligi qo‘l-oyog‘imizni bog‘lab qo‘ygan edi. Tabib bo‘la turib, oddiy uskunalar yo‘qligi sababli bemorga zamonaviy davo choralarini qo‘llay olmaslik va uning ahvoli og‘irlashayotganini ojizlik bilan kuzatish – shifokor uchun bu dunyodagi eng katta iztirobdir.
Keyingi yillarda O‘zbekiston tibbiyotida yuz bergan tizimli o‘zgarishlar, davlat siyosatining markaziga “Inson qadri uchun” degan ulug‘vor g‘oyaning qo‘yilishi soha vakillarini nafaqat quvontirdi, balki qalbimizda tibbiyot kelajagiga bo‘lgan ishonchni qayta alangalatdi.

Masalan, yaqingacha oddiy qon tahlili topshirish yoki kardiogramma qildirish uchun chekka qishloqlardan tuman markaziga, ba’zan esa viloyat shifoxonasiga borish kerak edi. Bu bemor uchun ham vaqt, ham mablag‘, ham sog‘liq yo‘qotish degani edi. Oxirgi yillarda islohotlar eng avvalo birlamchi tibbiy-sanitariya yordamiga, ya’ni tibbiyotning poydevoriga qaratildi.
Olis mahallalarda, ovullarda zamonaviy oilaviy shifokorlik punktlari tashkil etildi. Endilikda “qishloq shifokori” tushunchasi yangicha ma’no kasb etdi. Ilgari biz bemor shifoxonaga kelgandagina u bilan shug‘ullanardik. Bugun esa tibbiyot xodimlarining o‘zlari xonadonlarga kirib bormoqda. Skrining tekshiruvlari, kasalliklarni erta bosqichda aniqlash tizimi yo‘lga qo‘yildi. Buning natijasida qandli diabet, yurak-qon tomir va onkologik kasalliklarni boshlang‘ich davridayoq jilovlash imkoniyati paydo bo‘ldi.
Oilaviy poliklinikalar orqali aholi, ayniqsa, surunkali kasalligi bor bemorlarga bepul dori-darmonlar tarqatish tizimi yo‘lga qo‘yildi. Bu kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar uchun juda katta ijtimoiy ko‘makdir. Soha vakili sifatida ayta olamanki, kasallikni davolashdan ko‘ra uning oldini olgan afzal. Mahalla darajasidagi profilaktika ishlari kuchaytirilgani o‘zbek tibbiyotining eng to‘g‘ri va tarixiy qadamlaridan biri bo‘ldi.

Shu bilan birga, yaqin-yaqingacha murakkab jarrohlik amaliyotlari bo‘lgan ochiq yurakda operatsiya qilish, buyrak yoki jigar ko‘chirish kabi yuqori texnologik muolajalar faqat Toshkent shahrida yoki chet ellardagina amalga oshirilar edi. Chekka viloyatdagi oddiy oila uchun bunday operatsiyalarni moliyaviy jihatdan ko‘tarish imkonsiz edi.
Bugun-chi? Bugun yurtimizda tibbiyotning detsentralizatsiya jarayoni, ya’ni markazdan hududlarga ko‘chishi shiddat bilan bormoqda. Hozirgi kunda Nukus, Andijon, Samarqand, Buxoro va boshqa viloyat markazlaridagi ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarida mahalliy shifokorlarimiz tomonidan buyrak ko‘chirish amaliyotlari muvaffaqiyatli bajarilmoqda. Yurak aortasini shuntlash, neyroxirurgik nozik operatsiyalar viloyat darajasida kundalik ishga aylandi.
Buning uchun sog‘liqni saqlash tizimiga trillionlab mablag‘lar yo‘naltirildi. Shifoxonalarimiz eng zamonaviy MRT, MSKT, angiograf uskunalari bilan jihozlandi. Ilgari faqat kitoblarda o‘qiganimiz, xorij klinikalarida ko‘rib havas qilganimiz texnologiyalar bugun o‘zimizning shifoxonalarimizda ishlamoqda. Eng muhimi, bu orqali minglab vatandoshlarimizning hayoti saqlab qolinmoqda, ularning o‘z yurtida, ortiqcha sarsongarchiliksiz shifo topishi ta’minlanmoqda.
Tez yordam tizimidagi o‘zgarishlarni alohida tilga olish lozim. Oldinlari tez yordam mashinalari yonilg‘i yo‘qligi yoki mashinalarning eskirib ketgani sababli bemorlarga o‘z vaqtida yetib bora olmas edi. Oxirgi yillarda respublika tez tibbiy yordam tizimi tubdan isloh qilindi. Birinchi navbatda, eskirib ketgan avtomashinalar o‘rniga zamonaviy, barcha qulaylik va reanimatsion uskunalarga ega bo‘lgan Volkswagen, Ford, Toyota kabi xorij mashinalari tizimga olib kirildi. Respublika bo‘yicha tez yordamni boshqarishning markazlashgan tizimi yagona Call-markazlar yaratildi. Raqamlashtirish tufayli chaqiruvlar soniyalar ichida qabul qilinib, bemorga eng yaqin bo‘lgan ekipaj yo‘naltiriladigan bo‘ldi.
Shifokorning kayfiyati va ijtimoiy ta’minoti – bu bemor sog‘lig‘ining garovidir. Sababi, ro‘zg‘oridan, iqtisodiy muammolardan boshi chiqmagan shifokordan to‘laqonli fidoyilikni talab qilib bo‘lmas edi. Keyingi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan soha xodimlarining mehnatini munosib rag‘batlantirishga juda katta e’tibor qaratildi. Shifokorlar va hamshiralarning maoshlari bosqichma-bosqich oshirib borildi. Ayniqsa, yuqori texnologik operatsiyalarni amalga oshiruvchi, ilmiy darajaga ega bo‘lgan hamda chekka hududlarga borib ishlayotgan tibbiyot xodimlari uchun alohida ustamalar belgilandi.
Shu bilan birga, minglab yosh shifokorlarimiz davlat hisobidan Germaniya, Turkiya, Rossiya, Janubiy Koreya, Hindiston kabi tibbiyoti rivojlangan davlatlarning nufuzli klinikalarida malaka oshirib qaytmoqdalar. Ular olib kelgan bilim va innovatsiyalar bugun o‘z shifoxonalarimizda tatbiq etilmoqda. Shifokorlarning huquqiy himoyasi kuchaytirildi. Qisqa qilib aytganda oq xalat kiygan insonning jamiyatdagi obro‘yi, sha’ni va qadr-qimmati qonun darajasida himoya qilinmoqda.
Qolaversa, sohada korrupsiyaga chek qo‘yish, shaffoflikni ta’minlash va mablag‘larning aniq bemorga yo‘naltirilishini yo‘lga qo‘yish maqsadida tizimga Davlat tibbiy sug‘urtasi mexanizmlari kiritilmoqda. Sirdaryo viloyatida boshlangan ushbu tajriba bosqichma-bosqich butun respublikaga yoyilmoqda. Tibbiy sug‘urta pulning bemor ortidan borishini ta’minlaydi. Har bir fuqaroning sog‘lig‘i davlat kafolati ostida bo‘ladi, bepul davolanish uchun “order” tizimi shaffoflashadi. Raqamli tibbiyot, “Elektron poliklinika”, “Elektron retsept” tizimlarining joriy etilishi shifokorlarni ortiqcha qog‘ozbozlikdan xalos qilib, bor e’tiborini bemorga qaratishiga zamin yaratdi.
Yana bir muhim jihat Vatanimiz mustaqilligining 35 yillik to‘yi arafasida aholi salomatligini muhofaza qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlarni yangi bosqichga olib chiqish maqsadida qabul qilingan “Sog‘liqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident Farmoni yurtimizda inson qadrini ulug‘lash yo‘lidagi islohotlarni butunlay yangi, sifat jihatidan yuksak bosqichga olib chiqdi. Ushbu tarixiy hujjat bilan tizimga ilk bor Klinik audit inspeksiyasi, Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi hamda Kontent media markazi kabi zamonaviy tuzilmalarning kiritilishi sog‘liqni saqlash boshqaruvini to‘liq raqamlashtirish, ochiqlik va xalqaro standartlar asosida qayta qurishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, soha xodimlarining mehnatiga haq to‘lash sharoitlarining Ijtimoiy himoya milliy agentligi darajasiga tenglashtirilishi shifokorlar mehnatiga bo‘lgan yuksak e’tibor va g‘amxo‘rlikning amaliy ifodasi bo‘ldi. Mustaqilligimizning 35 yillik tantanalari bilan bir paytda hayotimizga kirib kelayotgan bu yangilanishlar sog‘liqni saqlash tizimini sifat va bemor xavfsizligi ustuvor bo‘lgan xalqchil tizimga aylantirishning mustahkam kafolatidir.
Mavluda ADHAMJONOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi
“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.
O‘zA