AQSHning Suriyadagi harbiy ob’ektiga ham zarba berildi
Eron Islom inqilobi muhofizlari korpusi juma kuni Suriyaning Al-Tanif hududida joylashgan AQSH harbiy ob’ektiga zarba berganini ma’lum qildi.
Islom Respublikasi davlat ommaviy axborot vositalari xabar berishicha, mazkur hujum Eronshahrda mahalliy askarlar o‘ldirilishiga javoban qasos chorasi sifatida amalga oshirilgan. Hozircha ma’lumot rasman tasdiqlanmagan.
“Reuters” agentligi vaziyatni mustaqil ravishda tekshira olmaganini bildirdi. AQSH harbiylari va Suriya hukumati esa voqea yuzasidan hech qanday izoh bermadi. Qolaversa, Amerika armiyasi shu yil fevral oyidayoq Suriya, Iordaniya va Iroq chegaralari kesishgan strategik nuqtadagi Al-Tanif bazasidan qo‘shin to‘liq olib chiqib ketilganini ma’lum qilgan edi.
Ayni payt Suriya rahbariyati qo‘shni davlatlarni qamrab olgan mintaqaviy nizoga aralashmaslikka harakat qilyapti. Ma’lumki, qo‘shni Livanda “Hizbulloh” guruhi Isroil armiyasiga qarshi jang olib boryapti, Iroqdagi Eronga aloqador qurolli guruhlar AQSH bazalariga dron va raketa bilan tinimsiz zarba bermoqda.
Prezident Ahmad Ash-Shara’ mart oyida Londondagi “Chatham House” tahliliy markazi tadbirida chiqish qilib, biror tomon Suriya hududiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum qilmasa, mamlakat har qanday mojarodan chetda qolishini alohida ta’kidlagan. Eron harbiylari strategik ahamiyatga ega Hurmuz bo‘g‘ozi ustidan nazorat to‘liq Tehron qo‘lidaligini e’lon qildi. Davlat OAV ogohlantirishicha, agar AQSH hujumi davom etsa, ushbu suv yo‘li orqali hech qanday neft va gaz eksportiga yo‘l qo‘yilmaydi.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA