AQSHda Trampning "Yangi Amerika" g‘oyasi turli bahslarga sabab bo‘lmoqda
Oq uy rahbari Donald Tramp mamlakatning siyosiy va jamoatchilik muhitida yana bir g‘ayrioddiy tashabbusni ilgari surdi. U ijtimoiy tarmoqdagi sahifasi orqali o‘lkadagi Nyu-Meksika shtati nomini "Yangi Amerika" deb o‘zgartirish g‘oyasini ilgari surdi.
Tramp ta’kidlashicha, u shtat nomini o‘zgartirish bo‘yicha bir qator takliflar olgan va bu g‘oya unga ma’qul kelgan.
- Bu shtat aholisi uchun ancha nufuzli va chiroyli nom bo‘lishi mumkin, bu yangi nom menga juda yoqdi, - deb yozdi u o‘z sahifasida.
Ekspertlar fikricha, mazkur tashabbusning amalga oshishi huquqiy jihatdan oson ish emas. AQSHda shtatlar nomini o‘zgartirish federal hukumatning bir tomonlama qarori bilan amalga oshirilmaydi. Bunday masala avvalo, shtatning o‘zidagi konstitutsiyaviy va qonuniy tartib-taomillarni talab qiladi.
Trampning mazkur bayonoti Nyu-Meksika rahbariyati tomonidan “xushxabar” sifatida qabul qilinmadi albatta. Shtat gubernatori, demokrat Mishel Luxan Grisham ijtimoiy tarmoqda prezidentga javob qaytarib, Nyu-Meksika nomi o‘zgartirilishi muhokama qilinadigan masala emasligini bildirdi.
Nyu-Meksika nomi shtat tarixining muhim qismi hisoblanadi. Hudud nomi ispan mustamlakachiligi davridan shakllangan bo‘lib, uning tarixiy va madaniy ildizlari AQSH davlatchiligi tashkil topishidan ancha oldingi davrlarga borib taqaladi.
Qizig‘i shundaki, Tramp bundan avval ham geografik nomlar masalasida o‘zgartirish takliflari bilan chiqqan edi. Jumladan, Kanada bilan savdo muzokaralarida kelishuvga erishilmaganidan keyin Ontario ko‘li nomini “Amerika ko‘li” deb atash g‘oyasini ilgari surgan edi.
Trampning bunday tashabbuslari uning siyosiy uslubiga xos ramziy va provakatsion bayonotlar sifatida baholanmoqda. Geografik nomlar oddiy atama bo‘lib ko‘rinsa-da, ular ortida tarix, milliy o‘zlik, hududiy xotira va siyosiy ramzlar mujassam.
Masala amalda shtat nomining o‘zgarishiga olib keladimi yoki yo‘qmi - bu hozircha noaniq. Ammo Trampning bayonoti Qo‘shma Shtatlar jamiyatida tarixiy nomlar, shtatlarning huquqlari va federal hokimiyat vakolatlari haqidagi bahslarni yana kun tartibiga olib chiqdi.
Shu tariqa, bir qarashda ramziy tuyulgan “Yangi Amerika” g‘oyasi AQSHda siyosat, tarix va milliy o‘zlik kesishgan nuqtadagi yangi bahs mavzusiga aylandi.
Nodira Kayimova,
O‘zA