AQSHda 8000 dan ortiq reyslar kechiktirildi
Yaqinda Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab sakkiz mingdan ortiq reyslar havo harakatini boshqaruvchi mutaxassislar yetishmasligi tufayli kechiktirildi. Ta’kidlanishicha, bu holat 28 kun davom etgan federal hukumatning faoliyati to‘xtatilgani bilan bog‘liq.
Ma’lumki, 1 oktyabr kuni AQSH Kongressi yangi moliyaviy yil uchun byudjetni qabul qilmaganidan so‘ng federal hukumat faoliyatini to‘xtatgandi. Bu davrda ko‘pchilik davlat xizmatchilari ta’tilga chiqarilgan va o‘ta muhim deb hisoblanganlar (tibbiyot xodimlari, chegarachilar, harbiylar, transport xodimlari va boshqalar) maoshsiz ishlashga majbur.

Mamlakat transport kotibi Shon Daffi Federal aviatsiya ma’muriyati 22 ta joyda havo harakatini boshqaruvchi xodimlar bilan bog‘liq muammolarga duch kelayotganini va bu jarayonlar kelgusi kunlarda ko‘proq kechikishlar va bekor qilishlarga olib kelishi mumkinligi haqida gapirdi.
Xabarga ko‘ra, ayni paytda 13000 ta havo harakatini boshqaruvchi va taxminan 50 000 ta transport xavfsizligi ma’muriyati xodimlari maoshsiz ishlamoqda.
M.Pirmatova, O‘zA