AQSH va Xitoy yetakchilari muzokarasi siyosiy burilish yasamadi (+video)
Muzokara va Oq uydagi ziyofat chog‘i Donald Tramp va Si Szinpin Tayvan, Eron, Ukraina va sun’iy intellekt masalalarini muhokama qildi. Ikki rahbar o‘rtasida iliq munosabat kuzatilganiga qaramay, o‘zaro siyosiy burilishga erishilmadi. DW shunday xulosa qilgan.
Tramp 24-sentabr kuni Oq uyda XXR Raisi sharafiga tantanali davlat ziyofatini uyushtirdi. Bayramga AQSHning yirik texnologiya kompaniyalari rahbarlari, jumladan “Tesla” egasi Ilon Mask, “Apple” rahbari Tim Kuk va “OpenAI” yetakchisi Sem Altman taklif qilindi.
Tramp nutqida Xitoy va AQSH munosabati har qachongidan iliqligiga urg‘u bergan. Si Szinpin esa ancha bosiq ohangda gapirgan. Uning ta’kidlashicha, har ikki davlat mas’uliyatli buyuk davlatlar sifatida harakat qilishi va o‘zaro munosabatga yangicha yondashuv topishi kerak.
“Sinxua” agentligi xabar berishicha, Si Szinpin AQSHni Tayvan mustaqilligiga qarshi chiqishga chaqirgan.
Tramp may oyida Xitoyga tashrifidan so‘ng Tayvanga qariyb 14 milliard dollarlik qurol-yaroq yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni to‘xtatib qo‘ygan va bu masalani muzokara mavzusiga aylantirgan edi.
SI jadal rivojlanayotgan bir sharoitda Chin rahbari ushbu texnologiya har doim inson nazorati ostida bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Manbalar fikricha, ziyofatda sanoat sohasi vakillari ishtirok etganiga qaramay, Tramp Xitoy yumshatishga harakat qilayotgan AQSH texnologiyalarini eksport qilish bo‘yicha qat’iy cheklovni saqlab qoladi.
Shuningdek, AQSH va Isroilning Eronga qarshi urushi masalasiga ham tomonlar qarashi yaqinlashgani sezilmadi. Si Szinpin faqat o‘t ochishni to‘xtatish kelishuviga qaytish tarafdori ekanini bildirdi.
Kenja Bekjonov, Salimjon Obidjonov, (video) O‘zA