AQSH Grenlandiyadagi harbiy bazalarini qayta tiklaydi
AQSH, Daniya va Grenlandiya vakillari Nyu-Yorkda o‘tkazilayotgan BMT Bosh Assambleyasi doirasida yangi uch tomonlama kelishuv imzolaydi. Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Vashington ulkan orol-davlat janubidagi Narsarsuak hududida Sovuq urush davriga mansub harbiy bazani qayta tiklash va sharqiy sohildagi Mestersvig manzilida yangi baza barpo etishni rejalashtirgan.
“Reuters” yozishicha, o‘tgan asr 50-yillarida yopilgan “Bluie West One” bazasida aholi soni keskin kamayib, bir necha o‘n kishi qolgan, ikkinchi maskandan hozir Daniya maxsus kuchlariga qarashli “Sirius” chana-qo‘riqlov tuzilmasi foydalanib kelmoqda.
Hozirgi kelishuv Prezident Donald Tramp Daniya va Grenlandiyaga o‘tkazgan bir necha oylik bosimdan so‘ng amalga oshmoqda. U orol ustidan nazorat o‘rnatish istagini bir necha bor ta’kidlab, hatto buning uchun harbiy yoki iqtisodiy kuch ishlatish ehtimoli ham inkor etilmasligini aytgan. Bunday bayonotlar NATO ichida diplomatik inqiroz chiqarib, Daniya va Grenlandiyani Vashington bilan muzokara olib borishga majbur qildi. So‘rovnomalar esa Grenlandiya aholisining mutlaq ko‘pchiligi bu g‘oyaga qarshiligini ko‘rsatgan.
Qirollik tomoni fikricha, mazkur bitim Arktika xavfsizligini faqat AQSH va Daniya emas, balki butun NATO nazorati ostiga o‘tkazishga xizmat qiladi. Oq uy vakili kelishuv tafsilotiga izoh berishdan bosh tortib, mazkur hujjat Grenlandiya va AQSH xavfsizligini ta’minlashiga urg‘u berdi.
Sovuq urush davrida Grenlandiyada AQSHning 17 harbiy ob’ekti, 10 000 dan ko‘p askari bor edi. Hozir bu yerda 150 nafar harbiy xizmatchiga ega Pituffik fazoviy qo‘nalg‘asi faoliyat yuritmoqda.
F.Yaxshiboyeva, O‘zA