Aqsh-Eron raqobati xavfli bosqichga ko‘chmoqda
Yaqin Sharqdagi keskinlik yana bir pog‘ona ko‘tarildi. Hurmuz bo‘g‘ozi atrofida AQSH harbiy vertolyoti halokatga uchragach, Vashington Eron hududidagi qator harbiy ob’ektlarga zarba berdi. Oradan ko‘p o‘tmay, Tehron ham mintaqadagi Amerika harbiy ishtiroki nishonga olingan harakatni boshladi. Shu tariqa ikki davlat o‘rtasidagi qarama-qarshilik diplomatik maydondan harbiy bosqichga siljish xavfini namoyon qildi.
Hodisalar zanjiri AQSHning “AH-64 Apache” rusumli hujum vertolyoti bilan bog‘liq voqeadan keyin tezlashdi. Amerika tomoni vertolyot Eron droni bilan to‘qnashganini ma’lum qildi. Holat tasodifligi yoki harakat atay amalga oshirilgani hozircha aniqlashtirilmagan. Vashington bu voqeani o‘z kuchlariga qarshi tajovuz sifatida baholadi va qisqa vaqt ichida harbiy javob choralarini ishga tushirdi.
AQSH Markaziy qo‘mondonligi Hurmuz yaqinida joylashgan havo mudofaasi tizimi, kuzatuv radari va boshqaruv punkti nishonga olinganini ma’lum qildi. Rasmiy izohda operatsiya “mutanosib javob” sifatida tavsiflanmoqda. Binobarin, mintaqadagi voqealar rivoji shundan dalolat beradiki, har qanday “cheklangan zarba” ham keng ko‘lamli to‘qnashuvga turtki berishi mumkin.
Tehron ham hujumga javobsiz qarab turmasligini ko‘rsatdi. Kuvayt, Bahrayn va Iordaniya hududida havo hujumi xavfidan ogohlik qo‘ng‘irog‘i yangradi. Ayrim raketa va uchuvchisiz uchoqlar havoda yo‘q qilingan esa-da, voqea Fors ko‘rfazi davlatlari xavfsizlik muhiti qanchalik nozikligini yana bir bor namoyon etdi.
Bu jarayonda muhimi harbiy emas, balki iqtisodiy omil hisoblanadi. Zero, dunyo neftining salmoqli qismi aynan shu bo‘g‘oz orqali tashiladi. Mintaqadagi har qanday keng ko‘lamli to‘qnashuv energetika bozoriga bosimni kuchaytirishi, neft narxini oshirishi va global inflyatsiyani rag‘batlantirishi mumkin.
So‘nggi oylarda Vashington va Tehron muzokarasi qayta jonlanishi ehtimoli haqidagi xabarlar tarqalgan edi. Hatto ehtimoliy kelishuv muhokamasi ham kun tartibiga chiqqandi. Afsuski, navbatdagi harbiy amaliyot tomonlar o‘rtasidagi ishonch darajasi hamon pastligini ko‘rsatmoqda.
Yana bir muhim jihat bor: bugungi kunda AQSH va Eron o‘rtasidagi har qanday qarama-qarshilik faqat ikki davlat bilan cheklanib qolmaydi. Fors ko‘rfazi mamlakatlari, Isroil, Livan, Suriya va xalqaro energetika bozori bevosita ushbu jarayonning ta’sir doirasiga tushadi. Shu sababli Hurmuzdagi har qanday hodisa global xavfsizlik masalasi sifatida qabul qilinadi.
Hozircha tomonlar to‘liq ko‘lamli urushga tayyorlanayotganiga dalil yo‘q. Faqat voqealar rivoji shundan darak bermoqdaki, Yaqin Sharqdagi vaziyat har qanday kichik xatoni katta inqirozga aylantirishi mumkin bo‘lgan nuqtaga yetib kelgan. Ya’ni, Hurmuz bo‘g‘ozi yana bir bor nafaqat savdo yo‘li, balki xalqaro siyosatning eng xavfli nuqtalaridan biriga aylanmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA