AQSh cheklovlari sabab Eron terma jamoasi og‘ir vaziyatga tushib qoldi
Ma’lum bo‘lishicha, eronliklar Meksikaning Tixuana shahrida baza tashkil qilishga majbur bo‘lishgan va AQShda o‘tadigan o‘yinlarga faqatgina uchrashuv oldidan yetib kelishmoqda.
Eron Milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Amir Galenoi JCh-2026 guruh bosqichi 1-turidan o‘rin olgan Yangi Zelandiyaga qarshi bahsdan (2:2) so‘ng, AQSh rasmiylari tomonidan joriy etilgan cheklovlar tufayli jamoa jiddiy logistik qiyinchiliklarga duch kelganini ma’lum qildi.
"Bularning barchasi shunchaki falokat. Bizning rejalarimiz butunlay barbod bo‘ldi: o‘yinga ikki kun qolganda Los-Anjelesga yetib kelishimiz kerak edi, biroq bizga ruxsat berishmadi. O‘yindan keyin shu yerda qolib, tiklanish jarayonini o‘tkazishni va ertaga jo‘nab ketishni rejalashtirgan edik — yana rad javobini oldik. Shuni aytishim mumkinki, Eron milliy jamoasi, ehtimol, xalqaro turnirlar tarixidagi eng ko‘p kamsitilgan jamoadir. Federatsiya prezidentiga viza berilmadi, u kela olmadi. Jamoa menejeri ham, media-ofitser ham kelgani yo‘q. Zaxira o‘rindig‘ida o‘yinga tayyorgarlik bilan faqat birgina murabbiy shug‘ullandi — men boshqalarning ham majburiyatlarini bajarishga majbur bo‘ldim", — dedi Galenoyi.
Ma’lum bo‘lishicha, eronliklar Meksikaning Tixuana shahrida baza tashkil qilishga majbur bo‘lishgan va AQShda o‘tadigan o‘yinlarga faqatgina uchrashuv oldidan yetib kelishmoqda. Yangi Zelandiya bilan bahsdan so‘ng ham jamoa zudlik bilan Meksikaga qaytib ketgan.
Terma jamoa hujumchisi Mehdi Taremi yuzaga kelgan ushbu vaziyatni futbolchilar uchun o‘ta stressli deb atadi va FIFA Eron terma jamoasiga yetarli darajada yordam ko‘rsatmaganidan afsusda ekanini bildirdi. Shu bilan birga, u Los-Anjelesdagi Eron diasporasiga ko‘rsatgan qo‘llab-quvvatlashi uchun minnatdorchilik bildirdi.
Eron terma jamoasi guruhdagi navbatdagi uchrashuvini 21-iyun kuni Belgiya terma jamoasiga qarshi o‘tkazadi.