A.Qodirov: Dabdabali to‘y qiluvchilar “hashamat solig‘i”ni to‘lasin!
To‘ylarni dabdabali ko‘rinishda o‘tkazish va ortiqcha sarf-xarajatlarning oldini olish masalalarida tashabbuskor bo‘lib keladigan O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi ming yoki 10 ming kishilik to‘y o‘tkazganlik uchun soliq to‘lash tizimini joriy etishni taklif qildi.
Bugun tashkil etilgan matbuot anjumanida partiya yetakchisi Alisher Qodirov partiya to‘ylarda dabdababozlikning oldini olish bo‘yicha pozitsiyasida qat’iy turishini ma’lum qildi. To‘ylar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar o‘tkazilishini tartibga solishga qaratilgan parlament palatalarining qo‘shma qarori ijrosini ta’minlash borasidagi sa’y-harakatlar izchil davom ettirilishi zarurligi bildirildi. Bunda zarurat bo‘lsa, minglab mehmon chaqirib to‘y qilish istagida bo‘lganlarga “hashamat solig‘i”ni solish kerakligini aytib o‘tdi.
Partiya rahbari dabdabali to‘ylarga sarflanadigan mablag‘larni farzandlarni o‘qitish yoki yosh oilaga uy-joy, mashina olib berish kabi ezgu maqsadlarga yo‘naltirish lozimligini, aholi vakillarida ana shunday madaniyatni shakllantirish kerakligini bildirdi.
M.Komilova,
O‘zA