“APP”: O‘zbekistonda bozor islohoti va raqamlashtirish fermerlar imkoniyatini kengaytirmoqda
Pokiston axborot agentligi (APP) yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli agrar islohotlar mamlakat qishloq xo‘jaligini zamonaviy, bozor tamoyillariga asoslangan tizimga aylantirayotgani haqida tahliliy material e’lon qildi.
Ta’kidlanishicha, “Yangi O‘zbekiston” strategiyasi doirasida olib borilayotgan o‘zgarishlar fermerlar huquqlarini mustahkamlash, iqtisodiy erkinlikni kengaytirish va sohada raqamli texnologiyani joriy etishga qaratilgan.
“APP” qayd etishicha, joriy hosil yilidan boshlab ekin joylashtirish jarayoni ham to‘liq raqamlashtirilmoqda. Unga ko‘ra, fermer, klaster va boshqa xo‘jalik sub’ektlari ekin turini “Agroportal” raqamli platformasi orqali mustaqil belgilaydi. Bu bozor talabidan kelib chiqib qaror qabul qilish imkonini oshiradi.
Nashrda paxta va g‘alla sektorida davlat buyurtmasi tizimi bosqichma-bosqich qisqartirilayotgani ham qayd etilgan. Fermerlar endi xaridorni mustaqil tanlash, birja orqali shartnoma tuzish va tushumni o‘zlari boshqarish huquqiga ega.
Shuningdek, maqolada sug‘orish va resurs tejovchi texnologiyalar agrar modernizatsiyaning muhim qismi sifatida ko‘rsatilgan.
Ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekistonda 2,8 million gektardan ortiq sug‘oriladigan yer maydonida suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan bo‘lib, bu mamlakat sug‘oriladigan yerlarining 66 foizini tashkil etadi. Ayniqsa, lazerli tekislash texnologiyasi hosildorlikni 15–20 foizga oshirishga yordam bermoqda.
Nashr shuningdek, dehqonlar sun’iy intellekt asosidagi “Fermer AI” maslahat platformasi orqali mutaxassisdan maslahat olish va o‘z takliflarini bevosita davlat organiga yetkazish imkoniga ega bo‘layotganini alohida tilga olgan.
“APP” xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan agrar islohotlar yangi avlod fermerlarini shakllantirmoqda. Ular endilikda nafaqat mahsulot yetishtiruvchi, balki zamonaviy texnologiya, bozor bilimi va mustahkam huquqiy kafolatga ega tadbirkor sifatida maydonga chiqmoqda.
D.Hakimov, O‘zA