Antiradar qo‘llab bo‘lmaydigan “aqlli” lezer qurilmalar
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov yurtimizda yo‘l harakati xavfsizligi bo‘yicha loyihalarni amalga oshirishga kirishgan turkiyalik investorlar bilan uchrashdi.
Viloyat hokimligida bo‘lib o‘tgan muloqotda aytilganidek, dunyoning ko‘plab mamlakatlarida o‘zining ko‘p tarmoqli faoliyatini muvaffaqiyatli amalga oshirib kelayotgan Turkiyaning "Üç nokta" mas’uliyati cheklangan jamiyati xorijiy korxonasi ikki tomonlama tuzilgan shartnomaga ko‘ra, Namangan shahrida 10 million dollarlik investitsiya loyihasini amalga oshirmoqda.

Buning samarasi o‘laroq, viloyatda yo‘l harakati qoidalarini buzganlikni foto-video qayd etish avtomatlashtirilgan tizimini amalga oshirish uchun amaliy qadamlar tashlandi. Loyihaning afzalliklari shundaki, yo‘l-transport hodisalarining oldini olish, inson omilini cheklash va turli korrupsion holatlarga chek qo‘yilishiga xizmat qiladi.

Muloqot davomida yo‘l harakati xavfsizligi tizimida o‘rnatish va foydalanish uchun ishlab chiqarilgan “aqlli” radarlarning yangi avlodi namoyish qilindi. Lazer tizimida ishlovchi mazkur qurilmalarga qarshi radarga qarshi uskunalar ish bermaydi, tizimda esa faqatgina jazolash emas, balki yo‘llar va chorrahalardagi harakatni tartibga solish imkoniyati bor.

Namangan shahridan tashqari, namuna sifatida viloyatning Pop, Chust va To‘raqo‘rg‘on tumanlarida ham “aqlli radar sistemalari” o‘rnatilishi rejalashtirilgan.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA