Anomal issiqlik – hozirgi kun muammosi
Iqlim o‘zgarishi natijasida issiqlik to‘lqinlari erta boshlanib, tez-tez sodir bo‘lmoqda va tobora kuchayib bormoqda.
Bu issiqlikni saqlab turuvchi parnik gazlarining rekord darajadagi konsentratsiyasi bilan bog‘liq.
Bugun biz kuzatayotgan voqelik yanada xavfli kelajakdan nishonadir.
Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi tomonidan 1,5 darajadagi global isishda haroratning ko‘tarilishi, issiq kunlarning cho‘zilishi va sovuq mavsumlar davomiyligi qisqarishini bashorat qilinmoqda.
2 darajadagi global isishda ekstremal harorat qishloq xo‘jaligi va sog‘liqni saqlash sohalari uchun ayniqsa mushkul kechadi.
BMT ga ko‘ra, insoniyat yangi sharoitlarga, xususan, meteorologlar hamda shifokorlar ishtirokida jazirama to‘g‘risida erta xabardor qilish tizimini joriy etishi va undan himoya qilish bo‘yicha rejalarni ishlab chiqishga moslashishi lozim.
Ekstremal harorat, ayniqsa aholining ijtimoiy zaif qatlami uchun nihoyatda xavflidir. Yuqori minimal tungi harorat tana tiklanishga muhtoj bo‘lganda, ayniqsa ko‘pchilik uchun og‘ir oqibatlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bu xavfga issiqlik ta’sir etish darajasini oshiruvchi “issiq shahar oroli” deb nomlanuvchi ta’sir tufayli qishloq joylari aholisiga qaraganda asosan shahar aholisi duchor bo‘ladi.
Dunyo mamlakatlari anomal issiqlik bilan qanday kurashmoqda?
2003 yilda qariyb 15 ming kishi hayotiga zomin bo‘lgan misli ko‘rilmagan jaziramadan so‘ng, Fransiya jaziramaga tayyor davlatlardan biriga aylandi. Uning anomal issiqlikdan himoyalanish bo‘yicha milliy rejasi issiqlik ta’sirida hayotdan ko‘z yumganlar sonini 90 foizga qisqartirdi.
Ishonchli erta xabardor qilish tizimi rejaning eng muhim qismini tashkil etadi. Hukumat anomal issiqlik oldidan o‘z fuqarolarini yaqinlashib kelayotgan jazirama to‘g‘risida ogohlantiradi va omon qolish strategiyalarini taklif qiladi.
Shu tariqa, aniq ma’lumotlarga asoslangan erta xabardor qilish tizimi aholining tayyorgarlik ko‘rish uchun yetarli vaqtga ega bo‘lishini ta’minlaydi.
2013 yilda Hindistonning Ahmadobod shahrida mamlakatning qolgan hududlari uchun namuna bo‘lib xizmat qilgan jazirama sharoitidagi harakatlar rejasi ishlab chiqildi. Reja erta xabardor qilishning mukammal tizimini joriy etish, jazirama xavflari to‘g‘risida jamoatchilikning xabardorligini oshirish va tibbiyot xodimlarini jazirama bilan bog‘liq kasalliklar ko‘payganda qanday harakat qilish kerakligi bo‘yicha o‘qitishni o‘z ichiga oladi.
Eng muhimi, davlatlar iqlim o‘zgarishiga moslashish bo‘yicha global sa’y-harakatlarni jadallashtirish uchun yuksak darajadagi transchegaraviy hamkorlikni kengaytirishi lozim.
Gulruh Abdullayeva, O‘zA