“Angry Birds” asoschisi bilan muloqot
Piter Vesterbaka yoshlar oʻrtasida mashhur “Angry Birds” kompyuter oʻyini yaratuvchilaridan biridir.
Oʻzbekistonning Latviyadagi elchixonasi tashabbusi bilan Finlyandiyaning Rovio kompaniyasining marketing boʻyicha direktori, Yevropadagi eng yirik “Slush” innovatsion forumi asoschisi Piter Vesterbaka bilan innovatsion startap loyihalarini hamkorlikda amalga oshirish masalalari boʻyicha videokonferensiya oʻtkazildi.
Piter Vesterbaka yoshlar oʻrtasida mashhur “Angry Birds” kompyuter oʻyini yaratuvchilaridan biridir. “Angry Birds”dan tashqari yana 50 dan ortiq oʻyinlar yaratgan P.Vesterbaka Rovio kompaniyasining biznesni rivojlantirish va “Angry Birds” marketingi va brendingi uchun masʼuldir.
Videokonferensiyada Innovatsion rivojlanish vazirligi vakillari, Oʻzbekistonning Latviyadagi elchisi Qadamboy Sultonov, “El-yurt umidi” jamgʻarmasi ijrochi direktori Adham Bekmurodov ishtirok etdi.
P.Vesterbaka Finlyandiyaning startaplarni tanlash boʻyicha tajribasi bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, u kompyuter oʻyinlarini yaratish va ularni jahon bozorida targʻib qilish borasidagi tajribalarni soʻzlab berdi.
Onlayn uchrashuvda Oʻzbekiston bilan Finlyandiya universitetlari oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi. Xususan, Innovatsion rivojlanish vazirligi Piter Vesterbaka bilan oliy taʼlim tizimi uchun jahonda keng tarqalgan Coursera onlayn taʼlim platformasining milliy modelini yaratishda hamkorlik qilishga kelishdi.
Bundan tashqari, biznes-mentorlar, sarmoyadorlar va tadbirkorlarni birlashtiruvchi “Slush” tadbirkorlik harakatida oʻzbekistonlik yoshlarning ishtiroki, startaplar sohasidagi bilim va zamonaviy biznes koʻnikmalarini rivojlantirishga qaratilgan “Slush Academy” dasturlarida yosh tadbirkorlarimizning ishtirok etishi masalasi muhokama qilindi.
Finlyandiyaning ilgʻor tajribasi asosida oʻzbek startaplar uchun hamkorlikdagi akseleratsiya dasturlarini, jumladan, startaplarni rivojlantirish tizimini oʻrganish uchun oʻzbekistonlik yosh tadbirkorlarni Finlyandiyaga safarini tashkil etish, innovatsiyalar va innovatsion korxonalarni boshqarish sohasidagi materiallar va dasturlarni birgalikda ishlab chiqish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi.
Piter Vesterbaka 2020-yil fevral oyida Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifini mamnuniyat bilan eslab, yurtimizda innovatsion startaplarga qiziquvchi koʻplab iqtidorli yoshlar borligini taʼkidladi.
Muloqotda “Startaplar toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi va startaplar universiteti masalasi ham muhokama qilindi. Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan bayon etilgan yoʻnalishlarda hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha onlayn muzokaralarni davom ettirishga kelishildi.