Angrenda aholiga chiqindi uchun pul to‘lanmoqda
Angren shahrida “Zero Waste” davlat- xususiy sheriklik bitimi asosidagi sanitar tozalash korxonasiga qarashli zamonaviy chiqindi yig‘ish shoxobchasi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.
Shoxobchada chiqindilarni saralab joylash uchun alohida konteynerlar qo‘yilgan. Shuningdek, qayta ishlanadigan chiqindilar uchun oq paket, qayta ishlanmaydigan chiqindilar uchun qora paket, oziq-ovqat chiqindilari uchun jigarrang paket ajratilgan.


Qolaversa, mazkur shoxobchada respublikamizda ilk bor qayta ishlanadigan chiqindilarni xarid qilish tajribasi yo‘lga qo‘yildi. Xususan, aholiga oq paket uchun 1 ming 500 so‘m, jigar rang paket uchun 500 so‘m pul to‘lanadi. Shuningdek, bu yerda kichik savdo shoxobchasi ochilgan bo‘lib, aholi chiqindi uchun to‘langan pulga o‘ziga kerakli narsalarni sotib olishi mumkin.

E’tiborli tomoni, chiqindi shoxobchasi qurilishida asosan chiqindiga aylangan yuk tashishga mo‘ljallangan konteynerlar, shisha idishlar kabi foydalanishdan chiqarilgan xomashyolar ishlatilgan. Elektr bilan ta’minlash uchun quyosh panellari o‘rnatilgan. Shoxobchada ishchi-xizmatchi yashashi va ishlashi uchun barcha shart-sharoit yaratilgan.
A.Musayev, O‘zA muxbiri