Andijonlik professor-o‘qituvchilar Kegeylidi
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yil fevral oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi chog‘ida Qoraqolpog‘iston Respublikasidagi umumta’lim maktablari infratuzilmasini yaxshilash, ta’lim sifatini oshirish, malakali kadrlar tayorlash bo‘yicha bir qator vazifalarni belgilab bergan edi.
Mazkur topshiriqlar ijrosi doirasida Andijon davlat universitetining bir guruh professor-o‘qituvchilari Kegeyli tumanidagi umumta’lim maktablarida bo‘ldi.
Universitet matbuot xizmatining xabariga ko‘ra, dastlab universitet professor-o‘qituvchilari Kegeyli tumani xalq ta’limi bo‘limi mudiri va faollari ishtirokida amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar yuzasidan uchrashuv o‘tkazilgan. Shundan so‘ng tumandagi 10-umumta’lim maktabida universitet va maktab o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga qaratilgan qator madaniy-ma’rifiy, ilmiy va sport tadbirlari tashkid etilgan.
Maktab o‘quvchilari o‘rtasida, sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida o‘tkazilgan sport musobaqalarida o‘quvchilar voleybol, stol tennisi, arqon tortish va shaxmat bo‘yicha bahslashdi. O‘quvchilar uchun mahorat darslari o‘tkazildi. Shuningdek, maktab o‘qituvchilari bilan o‘qitish metodikasi, o‘qitishga ilg‘or ish uslublarini joriy etish yuzasidan tajriba almashildi.
Universitetning «Zakovat» klubi koordinatori tashabbusi bilan o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘rtasida tashkil etilgan intellektual bellashuv ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. Andijon davlat universiteti tomonidan maktabning qator sinflariga o‘quv jihozlari – stol, stul, doskalar, shuningdek, badiiy kitoblar topshirildi.
Qoraqalpoq milliy kuy-qo‘shiqlari yangragan madaniy tadbir, qoraqalpoq o‘quvchilarining “Andijon polkasi” ga o‘ynashi, o‘quvchilar tomonidan aytilgan she’rlar barchada unutilmas taassurot qoldirdi.
Hamkorlik doirasida bu kabi tadbirlarni tez-tez o‘tkazib turishga kelishib olindi.

F. Ubaydullayev,
O‘zA muxbiri