Andijonlik maqomchilar Namanganda
O‘zbek milliy maqom san’ati markazining Andijon viloyati hududiy bo‘limi jamoasi Namanganda xizmat safarida bo‘lib, Namangan shahridagi 24-sonli Bolalar musiqa va sanat maktabida badiiy dastur namoyish etdi.
– Milliy maqom san’ati rivojida vodiy viloyatlarining, xususan namanganlik san’atkorlarning alohida o‘rni bor, – deydi Andijon maqom ansambli rahbari Ravshanbek Hojiqulov. – O‘zbekiston xalq artistlari Kamoliddin Rahimov, O‘rinboy Nuraliyev, Habiba Oxunova singari o‘ziga xos san’at maktablari yaratgan ustozlarimizning an’analariga monand biz andijonlik ijodkorlar ham namanganlik hamkasblarimiz bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqdamiz. Albatta, bu hamkorlik kelgusidagi muvaffaqiyatlarimizga asos bo‘ladi.

Andijonlik va namanganlik maqomchilar tomonidan yakka va jo‘r ovozlarda ijro etilgan “Mug‘ulchai buzruk”, “Nasri segoh”, “Ey sabo”, “Xush kelibsiz”, “Yor vasli” kabi mumtoz navolar konsertga kelgan talaba-yoshlar va keng jamoatchilik vakillarining olqishiga sazovor bo‘ldi.
O‘zaro hamkorlikning davomi sifatida bayram kunlari namanganlik maqomchilar Andijon viloyatiga borib, konsert dasturini taqdim etadigan bo‘lishdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri