Andijonda tadbirkor ayollar safi yanada kengayadi
Andijonda “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Assotsiatsiyaning Andijon viloyati hududiy bo‘limi mutasaddilari, tuman, shahar bo‘linmalari rahbarlari, uyushma a’zolari ishtirok etgan davra suhbatida mamlakatimizda xotin-qizlar tadbirkorligini rivojlantirish, tadbirkor ayollarni qo‘llab-quvvatlash, ularning samarali faoliyat yuritishi uchun zarur imkoniyatlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilayotganligi ta’kidlandi.
Ayni kunda assotsiatsiya viloyat hududiy bo‘limi safiga 1 ming 700 nafarga yaqin faol va ilg‘or tadbirkor ayol birlashgan. Ularning 401 nafarini yosh tadbirkor, 367 nafarini yakka tartibdagi, 112 nafarini oilaviy tadbirkorlik bilan shug‘ullanuvchi, 218 nafarini fermer, 554 nafar ishlab chiqarish yo‘nalishida ish olib borayotgan xotin-qizlar tashkil etadi.
– Assotsiatsiya tomonidan ayollarning iqtisodiy, ijtimoiy sohalardagi imkoniyatlarini kengaytirish hamda ularning tadbirkorlik va jamoat tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng qamrovli ishlar olib borilmoqda, – deydi “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi raisi Gulnora Mahmudova.
[gallery-2052]
– Ayniqsa, opa-singillarimizni moliyaviy, axborot resurslari bilan ta’minlash, bozor munosabatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etishi uchun qulay sharoitlar yaratish, ularda tadbirkorlik bilim va ko‘nikmalarini shakllantirish, qayta o‘qitish, malakasini oshirish va kasbga o‘rgatish borasida o‘tkazilayotgan o‘quv seminarlarimiz ijobiy natijalar bermoqda.
Birgina Andijon viloyatida keyingi uch yil davomida qator loyihalar doirasida viloyatdagi 2,5 ming nafardan ziyod xotin-qiz turli yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qitildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Mehnat munosabatlari va bandlik vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyiha doirasida qator mahallalarda kasb-hunarga o‘qitish maskanlari tashkil etildi. Tadbirkorlik bilan shug‘ullanish istagidagi xotin-qizlar “G‘oyadan biznes rejagacha” deb nomlangan qisqa muddatli tadbirkorlik o‘quv kurslarida o‘qitildi. Ularga tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tish, biznes-reja tayyorlash, iqtisodiy samaradorlikka erishish, kredit olish, soliq imtiyozlari bo‘yicha zarur tushuncha, tavsiya va maslahatlar berildi.
Davra suhbatida tadbirkor ayollar safini kengaytirish, assotsiatsiyaning tuman, shahar bo‘linmalari faoliyatini kuchaytirish, subsidiya, davlat grantlari asosida yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish, xotin-qizlar bandligini ta’minlash, “Temir daftar”da turuvchi xotin-qizlarni o‘qitib, ularga o‘z tadbirkorligini yo‘lga qo‘yishlariga ko‘maklashish singari qator masalalar yuzasidan fikr almashildi.
Tadbir doirasida tashkiliy masala ham ko‘rib chiqildi. “Tadbirkor ayol” O‘zbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat hududiy bo‘limiga yangi rais tayinlandi. Ushbu vazifaga hozirga qadar viloyat hududiy bo‘limi ijrochi direktori bo‘lib ishlab kelayotgan Nargiza Mirzalimova tayinlandi.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA