Andijonda pavlovniya daraxtlari gulladi
FOTOREPORTAJ
Mamlakatimizda keyingi yillarda tez o‘sishi bilan ajralib turuvchi daraxt – pavlovniyani yetishtirishga qiziqish nihoyatda ortgan.
Pavlovniya – yer sharida mavjud daraxtlardan nafaqat tez o‘sishi bilan, balki nihoyatda go‘zal gullashi, qimmatli yog‘och, asal, biomassa manbai ekanligi bilan ham qadrlanadi. U manzarali daraxt sifatida istirohat bog‘lari, xiyobonlarni bezaydi.
Ushbu daraxt gullaganda asalarilar oilasi uchun yaxshigina asal manbai bo‘lib, 1 oy davomida xushbo‘y hid taratadi. Gulidan kosmetika sanoatida keng foydalaniladi, iforidan atir olinadi. Aprel-may oylariga to‘g‘ri keladigan gullash mavsumida 1 ta asalari oilasi daraxt gulidan 10-15 kilogramm asal yig‘adi. Daraxt oralariga rezavor mevalar ekilganda esa ularning gullari ham asalari oilasi uchun yaxshigina ozuqa manbai bo‘ladi. Yana bir jihati, pavlovniya gullari boshqa daraxtlarniki singari allergiya qo‘zg‘atish xususiyatiga ega emas.
[gallery-6479]
Pavlovniya barglari juda katta bo‘lib, odatda 70 santimetrgacha boradi. Yaproq yozganida jaziramadan soya-salqin beradi. Sovuq tushganida esa barcha daraxtlar singari bargini yerga tashlaydi. Ishning ko‘zini biladigan chorvadorlar barglarni quritib, chorva mollarga to‘yimli ozuqa sifatida beradi. Daraxt bargi hamda shox-shabbalaridan to‘plangan chiqindidan esa ko‘p miqdorda bioyoqilg‘i olish mumkin. Pavlovniya o‘sib yetilganida esa sip-silliq tanasi mustahkam va sifatli yog‘och bo‘ladi.
Zuhriddin UMURZOQOV (surat),O‘zA