Andijonda Iydi Ramazon munosib nishonlanadi
Mamlakatimizda fuqarolarning emin-erkin ibodat qilishi, musulmonlarning o‘z zimmalaridagi diniy arkonlarni bekamu ko‘st ado etishi uchun zarur barcha sharoitlar yaratilgan. Bugun xalqimizga mana shunday asriy orzular ro‘yobini tuhfa etgan ulug‘ ne’mat – istiqlolimizga, tinch-osoyishta hayotimizga shukronalik har bir yurtdoshlarimiz qalbida jo‘sh urmoqda.
Bag‘rikenglik, saxovat va shukronalik, ezgulik timsoli bo‘lgan yakunlanayotgan muborak Ramazon oyi davomida yurtdoshlarimiz tomonidan juda ko‘p xayrli va saxovatli ishlar amalga oshirildi. Xususan, kam ta’minlangan, ehtiyojmand shaxslarga, ko‘makka muhtoj oilalarga zarur yordamlar ko‘rsatildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan kuni kecha imzolangan “Muborak Ramazon hayitini nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida xalqimizning qadimiy, diniy bayrami bo‘lgan muborak Ramazon hayitining mazmun-mohiyatida mujassam bo‘lgan insonparvarlik, ezgulik, shukronalik va mehr-oqibat singari an’ana va qadriyatlarni asrab-avaylash hamda keng targ‘ib etish, ushbu ulug‘ bayramni mamlakatimizda munosib nishonlash maqsadida tegishli tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan vazifalar belgilangan. Mazkur qaror ijrosini ta’minlash, qolaversa, Ramazon hayiti bayramini yuqori saviyada o‘tkazish uchun Andijon viloyatida ham zarur barcha ishlar amalga oshirildi.
Fuqarolarimiz qalbiga bayram shukuhini singdirish, mamlakatimizda yurtdoshlarimizning ibodat qilishi, zimmalaridagi diniy amallarni ado etishi uchun yaratib berilayotgan imkoniyatlarni tushuntirish maqsadida diniy idoralar, mahalla fuqarolar yig‘inlari, Ma’naviyat-targ‘ibot markazi hamda ichki ishlar bo‘limlari, umuman, keng jamoatchilik vakillari hamkorligida mahallalarda, masjidlarda zarur tayyorgarlik va targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.
– Ramazon hayiti namozi viloyatimizdagi 179 ta jome masjidi hamda “Sayid Muhyiddin mahdum” o‘rta maxsus islom bilim yurtida o‘qiladi, – deydi Andijon viloyati bosh imom-xatibi Mirzamaqsud Alimov. – Hayit namozi o‘qiladigan masjidlar taxt holatga keltirilib, namozxonlar uchun zarur barcha shart-sharoit va qulayliklar yaratildi.
Hayit namozi o‘qiladigan masjidlarda tozalik, fuqarolar xavfsizligini ta’minlash, salomatligidan xabardor bo‘lib turish, yong‘inlar kelib chiqishining oldini olish maqsadida ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar, tibbiyot, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati xodimlari bilan hamkorlikda zarur chora-tadbirlar ko‘rildi. Bu boradagi aniqlangan kamchiliklar bartaraf etildi. Bundan tashqari, aholiga qulayliklar yaratish, bayramona va ko‘tarinki kayfiyat ulashish maqsadida masjidlar ovoz kuchaytiruvchi apparatlar, shior hamda pannolar o‘rnatildi.
Bundan tashqari, viloyat hokimligi, diniy idora va boshqa qator tashkilotlar hamkorligida Ramazon hayitini yuqori ko‘tarinkilikda o‘tishini ta’minlash maqsadida 29-31 mart kunlari viloyatdagi 95 ta mahallada bayram tadbirlari o‘tkazilishi belgilangan.
Bir so‘z bilan aytganda, Ramazon hayiti bayrami viloyatda ko‘tarinki kayfiyatda o‘tishi uchun zarur barcha ishlar amalga oshirilmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (foto), O‘zA muxbirlari