Andijonda bolalar bog‘chalari yetarlimi?
Keyingi yillarda davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan maktabgacha ta’lim tizimini rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, 2017 – 2021 yillarda maktabgacha ta’lim tizimini tubdan isloh qilish, yangi maktabgacha ta’lim muassasalarini barpo etish, mavjudlarini rekonstruksiya qilish, ularning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash darajasini yaxshilash, ta’lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy dastur va texnologiyalarni tatbiq etish, bolajonlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan barkamol etib tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.
Agar faktlarga murojaat etadigan bo‘lsak, 2017-2021 yillarda viloyatda 3-7 yoshdagi bolalarning maktabgacha ta’limga qamrov darajasi 22 foizdan 75,1 foizga ortdi. Bundan tashqari, tizimda faoliyat olib borayotgan pedagog va mutaxassislar soni ham ana shu davr mobaynida 5,5 ming nafardan 13,5 ming nafarga yetdi. Ochig‘i, Andijonda mazkur yo‘nalishda so‘nggi ikki yil ichida bir necha o‘n yillar davomida qilinmagan ishlar amalga oshirildi. bugungi kunda viloyatda jami 2 ming 773 ta (546 ta davlat, 15 ta xususiy, 160 ta davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 2 ming 52 ta oilaviy) maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyat olib bormoqda. Ularda 200 ming nafarga yaqin bola tarbiyalanadi.
Qamrov darajasi esa 75,1 foizni tashkil etadi. Masalan, 2017 yil 1 yanvarda viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 454 ta bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilning 31 dekabr holatiga bu ko‘rsatkich 2 ming 773 tani tashkil etdi, ya’ni ularning soni 2 ming 319 taga ko‘paydi. Buning hisobiga qariyb 7,5 mingta yangi ish o‘rni yaratildi. Tashkilotlarni modernizatsiya qilish, zamon talablariga moslashtirish maqsadida 306 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida qurilish rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi. Bu ishlarni amalga oshirish uchun respublika byudjetidan 587,8 milliard so‘m, mahalliy byudjetdan 174,7 milliard so‘m mablag‘ sarflandi.
[gallery-7315]
– Keyingi yillarda bog‘cha yoshidagi bolalarning maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrov darajasi keskin ortdi, shu bilan birga, bog‘chalardagi shart-sharoitlar tubdan yaxshilandi, – deydi viloyat Maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Azizbek Azimov. – Zamonaviy qiyofaga ega ushbu tashkilotlarda bolalarni maktab ta’limiga tayyorlash, intellektual salohiyatini yuksaltirish, har jihatdan yetuk va barkamol voyaga yetishlari uchun zarur barcha sharoitlar yaratildi. Deyarli barcha muassasalarda musiqa, sport, gimnastika, til o‘rganish va boshqa turli to‘garaklar tashkil etilgan. Birgina o‘tgan yilning o‘zida 6 ta davlat, 13 ta davlat-xususiy sherikchilik asosida yirik va 1 ming 132 ta oilaviy bog‘cha tashkil etildi, shuningdek, 264 ta majburiy bir yillik maktabga tayyorlov guruhlari faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Misol uchun, Baliqchi tumanida 3 ta bog‘chani rekonstruksiya qilish, 1 ta xususiy va 104 ta oilaviy bog‘cha tashkil etilishi hisobiga qamrov bir yilda 25 foizdan 89 foizga, Bo‘ston tumanida esa bu ko‘rsatkich 99,5 foizga yetkazildi.
– Ayni kunda Bo‘ston tumanida 28 davlat, 5 ta davlat sherikchilik asosidagi, shuningdek, 54 ta uy bog‘cha faoliyat ko‘rsatmoqda, – deydi Bo‘ston tumani maktabgacha ta’lim tashkiloti rahbari Shoiraxon Nuridinova. – Umuman, Bo‘ston tumanida bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish 99,5 foizga yetkazildi.
Andijon viloyatida joriy yilda jami 24 ta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotini, shuningdek, 14 ta davlat xususiy-sherikchilik asosida, 306 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarini tashkil etish hamda 85 ta majburiy maktabga tayyorlov guruhlarini ochish hisobiga bog‘cha yoshidagi bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasini 75,1 foizdan 82 foizga yetkazish rejalashtirilgan. bugungi kunda viloyatda mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarishga qaratilgan ishlar izchil va tizimli davom etmoqda.
F.UBAYDULLAEV, Z.UMRZOQOV (surat), O‘zA