Andijonda amaliy seminar o‘tkazildi
Avval xabar berganimizdek, xududlarda “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash masalalari”ga bag‘ishlangan amaliy seminarlar tashkil etilmoqda.
Navbatdagi seminar 22 noyabr kuni Andijon shahrida o‘tkazildi. “Biznesni rivojlantirish banki” ATB, Biznes ombudsman va Andijon viloyat hokimligi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda biznes sohasiga mutasaddi idoralar vakillari, tadbirkorlar va hokim yordamchilari ishtirok etdi.


Tadbirda Andijon viloyati hokimining birinchi o‘rinbosari Dilshod Karimov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik sub’ektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakil Dilmurod Qosimov, “Biznesni rivojlantirish banki” ATB Boshqaruvi raisi o‘rinbosari Kozimjon Ismoiliy va Xo‘jaobod bank xizmatlari ofisi rahbari Samandar Hojisultonov so‘zga chiqdi.


Ta’kidlandiki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va 2023 yil 15 noyabrdagi “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari biznes sohasi rivoji uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi. Xususan, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash kompleks dasturi” ijrosiga faol kirishildi. Dasturni 2023-2026 yillarda amalga oshirish uchun davlat mablag‘lari hisobidan 6 trln. so‘m va xalqaro moliya institutlarining 1,2 mlrd. AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lari yo‘naltirilishi ko‘zda tutilmoqda.


“Biznesni rivojlantirish banki” ATB Dasturni amalga oshirish va uni doimiy ravishda takomillashtirib borish bo‘yicha asosiy tayanch bank sifatida belgilangan.
Seminarda Andijon viloyatida kichik biznesni rivojlantirishning istiqbollari, kichik biznes sohasida yangi joriy etilayotgan tizimning mazmun-mohiyati va amalga oshirish mexanizmlari, “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash dasturi” doirasida loyihalarni moliyalashtirish tartibi haqida ma’lumotlar berildi.


Tadbir yakunida hokim yordamchilari tomonidan viloyatdagi mahallalarda aholi va tadbirkorlar orasida qabul qilingan qarorlarni tushuntirish ishlarini olib borish bo‘yicha vazifalar belgilandi.
“Biznesni rivojlantirish banki” ATB
Axborot xizmati