Andijon shahridagi maktablarga kitoblar topshirildi
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri o‘rinbosari Vahobjon Rajapov boshchiligidagi respublika Ishchi guruhi Andijon viloyatidagi ta’lim muassasalarida bo‘lib, ta’lim-ta’rbiya jarayonlari, sohadagi yutuq va muammolar bilan tanishmoqda, tizim vakillari bilan uchrashuv va muloqotlar o‘tkazilayotir.

Ta’kidlash kerakki, keyingi yillarda mamlakatimizda umumta’lim maktablarida ta’lim sifati va samaradorligini oshirish, o‘qitishga ilg‘or va zamonaviy pedagogik texnologiyalarni joriy etish, bilimli, yuksak ma’naviyatli yosh avlodni tarbiyalash borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda. Ayniqsa, Yangi O‘zbekistonni bunyod etish jarayonida yosh avlodga munosib ta’lim-tarbiya berish masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Vazir o‘rinbosari ta’lim muassasalarini ko‘zdan kechirish jarayonida maktablar pedagogik jamoalari, o‘quvchi-yoshlarning maktab kutubxonalarini yangi adabiyotlar bilan boytish yuzasidan bildirilgan takliflardan kelib chiqib, Andijon shahridagi umumta’lim maktablariga Xalq ta’limi vazirligi tomonidan ajratilgan 3 ming nusxadan ortiq turli adabiyotlarni topshirdi.

Vahobjon Rajapov umumta’lim maktablari kutubxonachilari bilan o‘tkazgan uchrashuvida o‘quvchi-yoshlarni kitob o‘qishga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ularni kitobxonlikka yanada keng jalb etish, maktab kutubxonalarini o‘quvchilar bilan hamisha gavjum maskanga aylantirish yuzasidan o‘zining taklif, fikr va mulohazalarini bildirdi.

Belgilangan yo‘nalishlardagi ishlarni samarali tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma va topshiriqlar berdi.
Uchrashuvda vazir o‘rinbosari ishtirokchilarning savollariga batafsil javob qaytardi.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA