Andijon shahrida ekopark ish boshladi
Andijon shahri markazida umumiy maydoni 4 gektar bo‘lgan Ekopark ochildi.
Andijon shahrining O‘rikzor mahallasidagi Yoshlar bog‘i hududida tashkil etilgan Ekoparkning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda keng jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari, yoshlar ishtirok etdi.
Tabiat musaffoligi, tabiiylikni saqlash maqsadida tashkil etilgan, umumiy maydoni 4 gektar bo‘lgan Ekoparkka 40 dan ortiq turdagi 5 ming tup daraxt ko‘chatlari ekildi, 2 gektar maydonga chim yotqizildi.
Ekopark hududida avval mavjud bo‘lgan 3 ta favvora qayta ta’mirlandi, yana 3 ta o‘ziga xos ko‘rinishga ega yangi favvora barpo etildi. Shuningdek, park hududida zamonaviy bolalar maydonchasi qurilib, 10 ga yaqin attraksionlar o‘rnatildi.
Aholi, xususan, yoshlarning jismoniy tarbiya va sportga bo‘lgan qiziqishlarini oshirish, sport bilan shug‘ullanishlariga yanada keng imkoniyat yaratish maqsadida “Street workout” maydonchasi bunyod etildi.
Ekoparkda aholiga, shahar mehmonlariga estetik zavq bag‘ishlovchi landshaft dizayn asosida kichik maydonchalar, suhbatgohlar tashkil etildi. Shuningdek, Ekopark hududidagi ochiq osmon ostida konsert, ko‘ngilochar tadbirlar o‘tkazishga mo‘ljallangan sahna ta’mirlandi.
– Viloyatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, xonadon, ko‘cha, guzar va mahallalarda, mehnat jamoalarida tozalik, pokizalikni saqlash, ekologik musaffolikni ta’minlash, hududlarni ko‘kalamzorlashtirish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda, – deydi Yoshlar ishlari agentligi Andijon viloyati boshqarmasi boshlig‘i Oybek Yuldashev. – Barpo etilgan Ekopark ham ana shu yo‘nalishdagi ishlarga bir misoldir.
Zamonaviy, o‘ziga xos, tabiatning tabiiy go‘zalligini ko‘rsatuvchi mazkur maskan nafaqat andijonliklar, balki shahar mehmonlari bilan gavjum bo‘ladigan maskanlardan biriga aylanadi.
Ekoparkning ochilishiga bag‘ishlangan tadbirda Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ishtirok etdi.
[gallery-4203]
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA