“Andijon polkasi” — Ginnesning rekordlar kitobiga kirishi kutilmoqda
Andijonda bugun nafaqat bayram kayfiyati, balki tarixiy lahzalarga guvoh bo‘lish hayajoni ham hukm surmoqda.
Asrlar davomida xalqimizning shodon ruhi, milliy g‘ururini o‘zida mujassam etgan mashhur “Andijon polkasi” endi jahon miqyosida e’tirof etilish arafasida. TURKSOY tashabbusi, O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi va Andijon viloyati hokimligi qo‘llab-quvvatlovi bilan ushbu milliy raqsni Ginnesning rekordlar kitobiga kiritish bo‘yicha yirik madaniy tadbir tashkil etildi.

Ma’lumki, turkiy xalqlarning ko‘p asrlik tarixi, boy ma’naviy merosi va betakror madaniyati insoniyat sivilizatsiyasining muhim qismi hisoblanadi. Shu merosni asrab-avaylash va keng targ‘ib qilish maqsadida Xalqaro turkiy madaniyat tashkiloti — TURKSOY tomonidan har yili turkiy davlatlardan biri “Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti” deb e’lon qilinadi.


2025-yil Qozog‘istonning Oqtau shahrida bo‘lib o‘tgan TURKSOY Doimiy kengashining 42-yig‘ilishida qabul qilingan qarorga muvofiq, Andijon 2026-yilda Turkiy dunyoning madaniyat poytaxti deb e’lon qilindi.

Shu munosabat bilan joriy yilning 24–25-iyun kunlari Andijon viloyatida katta madaniy dasturlar tashkil etilmoqda. Tadbirlar doirasida turkiy xalqlarning musiqasi, milliy raqslari, xalq qo‘shiqlari, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari va zamonaviy multimedia namoyishlari orqali umumiy madaniy meros targ‘ib etilmoqda.

Bu yilgi eng katta voqealardan biri — “Andijon polkasi” raqsini Ginnes rekordlar kitobiga kiritish tashabbusi bo‘ldi. Andijon o‘yingohiga yig‘ilgan minglab ishtirokchi tomonidan “Andijon polkasi” milliy raqsi namoyish etildi.

Ushbu raqs xalqaro ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqilib, natijasi tez orada e’lon qilinadi.
Nigora Rahmonova, Faxriddin Ubaydullayev,
Zuhriddin Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari