Andijon davlat universitetida xayrli tashabbus
Andijon davlat universiteti rektori Akramjon Yuldashev ijtimoiy himoyaga muhtoj hamda "Temir daftar"ga kiritilgan oilalar farzandlari, shuningdek, bir guruh iqtidorli, respublika miqyosidagi tanlovlarda g‘olib bo‘lgan talabalar bilan uchrashuv o‘tkazdi. Tadbirda talaba yoshlar bilan suhbatlashildi, ularning kelajakdagi rejalari haqida fikr almashildi.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan keyingi yillarda mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosatida tub burilishlar yasovchi qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Yoshlarni har jihatdan qo‘llab-quvvatlash, o‘z iqtidor va salohiyatlarini namoyon etishlari uchun juda keng imkoniyatlar yaratib berildi.
Ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini bartaraf etish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yo‘lga qo‘yildi. Ana shu yo‘nalishda Andijon davlat universitetida ham e’tiborga molik ishlar olib borilmoqda. Xususan, universitetda tahsil olayotgan chin yetim, ijtimoiy himoyaga muhtoj talabalar doimiy ravishda qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga asosan, Andijon davlat universitetini tamomlayotgan 4 nafar bitiruvchiga universitet mablag‘lari hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining 105 barobari miqdorida, ya’ni 25 million 725 ming so‘mdan bir martalik rag‘batlantirish mablag‘i topshirildi.
- Ushbu rag‘batdan ko‘nglim tog‘day ko‘tarildi, - deydi universitetning xorijiy tillar fakulteti bitiruvchisi Mohinur Abdulhoshimova. - Endi hayotda, jamiyatda o‘z o‘rnimni topish, ishlab, men kabi yoshlarga ko‘rsatilayotgan e’tibor va g‘amxo‘rlikka munosib bo‘lishga, yurt koriga yarashga astoydil harakat qilaman.
Shuningdek, universitetda tahsil olayotgan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar farzandi bo‘lgan 38 nafar talabaga 3 million 736 ming 500 so‘mdan, “Ayollar daftari”ga kiritilgan 8 nafar talaba-qizga 2 million 989 ming 200 so‘mdan, “Yoshlar daftari”ga kiritilgan 10 nafar talabaga 2 million 241 ming 900 so‘mdan moddiy yordam ko‘rsatildi.
Bundan tashqari, bir guruh iqtidorli talabalar ham munosib rag‘batlantirildi. Jumladan, 30 iyun - "Yoshlar kuni"ga bag‘ishlanib “Yangi O‘zbekiston yoshlari birlashaylik!” shiori ostida o‘tkazilgan “Talaba va yoshlar forumi” doirasida tashkil etilgan “Nima? Qayerda? Qachon?” respublika intellektual turnirida 1-o‘rinni egallaganligi uchun universitetning "Universal" jamoasi a’zolari 14 million 700 ming so‘m, Quvnoqlar va Zukkolar” respublika ko‘rik-tanlovida muvaffaqiyatli ishtirok etib, g‘olib bo‘lganligi uchun “Universal” quvnoqlar va zukkolar jamoasi 13 million 475 ming so‘m miqdordagi pul mukofoti bilan taqdirlandi.
F. UBAYDULLAEV, Z. UMRZOQOV (surat), O‘zA