Amudaryolik g‘allakorlar ilg‘orlar safida
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumanidagi g‘allachilik yo‘nalishidagi fermer xo‘jaliklari tomonidan har yilgi shartnomaviy rejalar ortig‘i bilan bajarilib, yil davomida xalqimizni sifatli un va un mahsulotlari bilan ta’minlash imkoniyati oshib bormoqda.
Joriy yil hosili uchun tumanda 344 ta fermer xo‘jaligi hamda qishloq xo‘jaligi korxonasi tomonidan 6 ming gektar maydonga g‘alla ekilib, tekis unib chiqqan bug‘doy maysalari agrotexnika qoidalari asosida parvarish qilindi. Fermer xo‘jaliklari tomonidan bug‘doy dalalarini kuz-qish mavsumida sug‘orish va oziqlantirish ishlariga e’tibor berilib, kechiktirib bo‘lmaydigan agrotexnik tadbirlar uyushqoqlik bilan tizimli ravishda amalga oshirildi.
Erta bahorda bug‘doy maysalarini sug‘orish va oziqlantirish, suspenziya sepish, zararkunandalarga qarshi kurashish va begona o‘tlardan tozalash tadbirlari davom ettirildi. Natijada yozning o‘rtalariga kelib dalalarda ko‘zni quvontiradigan, mo‘l hosildan darak beruvchi g‘alla boshoqlari yetildi.
Ayniqsa, klasterlar tashkil qilingani hamda g‘allani sotish jarayoniga bozor mexanizmlari joriy qilinayotgani fermerlarning moddiy manfaatdorligini oshirdi. Islohotlar natijasida bu yilgi mavsumdan boshlab yangi tizim joriy qilinishi natijasida, tuman bo‘yicha davlat xaridlari uchun sotilishi reja qilingan tovar donning 5 ming 944 tonnasi, ya’ni 78 foizi kafolatli sotib olinadi. Qolgan 3 ming 378 tonna bug‘doy don korxonasida ijara asosida saqlanib, birja savdolari orqali iyul, avgust, sentyabr oylarida erkin narxlarda sotilishi rejalashtirilgan. Ushbu o‘zgarishlar fermerlarni yerdan ko‘proq daromad va mo‘l hosil olishga undashi bilan ahamiyatlidir.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yetishtirilgan hosilni o‘rib olish maqsadida tumanda jami 17 ta o‘rim otryadi tashkil etilib, ularga 18 ta kombayn biriktirildi. O‘rim-yig‘im mavsumi oldidan don qabul qilish maskanlari to‘liq ta’mirlanib, jalb qilinadigan texnikalar texnik ko‘rikdan o‘tkazildi va bu ishlarda qatnashuvchi ishchilarning malakalari oshirildi.

O‘rim-yig‘im mavsumining uyushqoqlik bilan tashkil qilingani natijasida yetishtirilgan donni yig‘ib olish ishlari qisqa fursatlarda yakunlandi. Fermerlar shartnomadagi 10 ming 672 tonna o‘rniga 10 ming 704,6 tonna don topshirib, rejani ortig‘i bilan bajardi va Orolbo‘yida g‘alla xirmonini ko‘tardi.
Shartnomaviy rejadan tashqari yetishtirilgan hosilning fermer xo‘jaliklari tasarrufida qolishi qishloq ahlining turmush farovonligini ta’minlanishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Tumanda o‘rim-yig‘im ishlari hali davom etmoqda. Amudaryolik g‘allakorlar dalalarda pishib yetilgan boshoqli donni nes-nobut qilmay, so‘nggi misqoligacha yig‘ishtirib olish uchun mehnat qilmoqda.
Dovud Abibullayev, O‘zA