Amir Temur sheʼr bitganmi?
Sohibqiron Amir Temur buyuk sarkarda va siyosatchi boʻlishi barobarida madaniyat, ilm-fan va adabiyotning ulugʻ homiysi sifatida tarixda qoldi.
Sohibqiron Amir Temur tavalludining 684-yilligiga
Sohibqiron Amir Temur buyuk sarkarda va siyosatchi boʻlishi barobarida madaniyat, ilm-fan va adabiyotning ulugʻ homiysi sifatida tarixda qoldi. Amir Temur va temuriylar davrida turkiy til va adabiyot yuksak choʻqqilarga koʻtarildi. Oʻnlab buyuk shoirlar yetishib chiqdi, yuzlab bebaho durdonalar yaratildi.
Alisher Navoiy “Majolisun-nafois” asarida koʻplab hukmdorlar orasida Amir Temurni birinchi boʻlib tilga olgan, “Agarchi bu ulugʻ zot sheʼr yozmagan boʻlsa-da, u aytgan har bir bayt ming baytga teng” deb lutf qilgandi.
Shayx qoʻrqqanidan Qurʼonga chang soldi
Navoiy yuoqridagi fikrning isboti sifatida quyidgi voqeani misol keltiradi.
Amir Temur zamonasida mashhur mutasavvif olim Abu Sayyid Abulxayrning bir sheʼri juda shuhrat qozongan, hatto bu ruboiyning gʻayrioddiy xususiyatlari haqida gap-soʻzlar tildan-tilga koʻchib yurardi.
Bu ruboiyning sharhi xususida keyinchalik Xoja Ahrori Valiy oʻzining “Havroiya” nomli qasidasini ham bitgan edi.
Mana oʻsha ruboiy:
Havro ba nazorai nigoram saf zad,
Yak xoli siyah bar on ruxon mutraf zad,
Rizvon ba ajab bimondu kaf bar kaf zad,
Abdol zi biym chang bar musʼhaf zad.
(Maʼnosi: hurlar nigorimni tomosha qilish uchun saf tortishdi. Bir qora xol ularning yuzlariga parda tortdi. Jannat ham hayratda qolib, kaftini kaftiga urdi. Pir qoʻrqqanidan Qurʼonga chang soldi.)
Bu ruboiydan oʻz vaqtida Amir Temur ham xabardor boʻlgan.
Oʻsha paytlarda Ozarbayjon boshqaruvi Amir Temurning ikkinchi oʻgʻli Mironshoh Mirzoga topshirilgan. Biroq, Mironshohning ichkilikka mukkasidan ketishi davlat ishlariga taʼsir koʻrsata boshladi. Uning gʻalati qiliqlari haqidagi gap-soʻzlar Samarqandga ham yetib keladi. Sohibqironga Mironshohning ichkilikka berilishiga uch kishining sababchi ekani yetkazildi. Amir Temur uchovini hamjazolashni amr qiladi. Mulozimlar ulardan ikki nafarini tutib qatl qilishadi. Ammo uchinchisi – Xoja Abdulqodir oʻzini devonalikka solib darbadarlikni ixtiyor qiladi.
Sohibqiron Iroqqa yurish qilganida, Xojaning shu atrofda yurganini xabar qilishadi. Nihoyat uni qoʻlga olib, podshoh huzuriga olib kelishadi. Xoja Abdulqodir oʻz vaqtida Qurʼon qiroati bilan ham shuhrat qozongan boʻlib uning goʻzal ovozi bor edi.
Amir Tumurning huzuriga olib kelishlari bilan u qoʻrqqanidan nima qilarini bilmay, Qurʼon oyatlarini tilovat qilishga tushadi. Bu holatni koʻrgan Sohibqiron kulib yubordi va oʻsha mashhur ruboiyning oxirgi misrasini aytadi?
Abdol zi biym chang bar musʼhaf zad,
Yaʼni, pir qoʻrqqanidan Qurʼonga chang soldi.
Garchi falsafiy maʼnoga ega boʻlgan bu ruboiyda ushbu misra boshqacha maʼnoga ega boʻlsa-da, Amir Temur uni zakiylik bilan oʻz oʻrnida ishlatgan, buni Navoiy “yilda bir, asrda bir yuz beradigan hodisa” sifatida baholagan edi.
...Qaytadur bir kun anga
Amir Temur fors va arab tillarini puxta bilsa-da, ona tili – turkiy tilni ardoqlar, koʻpgina nomalari, farmonlari, tarixiy kitoblarini shu tilda bitar edi. Maʼlumotlarga koʻra, uning tarjimayi holi va oʻgitlarini oʻz ichiga olgan “Temur tuzuklari” asari ham dastavval turkiy tilda bitilgan, keyinchalik Boburiylar saroyida forschaga oʻgirilgan.
Maʼlumki, Sohibqironga ittifoqchi boʻlgan Amir Husayn ochiqchasiga xiyonat qilgan. Shu xiyonat sabab Amir Temur 1365-yilda Chinoz yaqinida yuz bergan Loy jangidan moʻgʻullarga yengilgan edi. Chunki, Amir Husayn oʻz qoʻshini bian yordamga yetib kelmagan, shu bois sarkarda juda katta talafotga duch kelgan edi.
Bu Husaynning Amir Temurga yagona xiyonati emasdi. Sohibqiron Amir Husayn bilan markazlashgan davlat barpo etish maqsadida yurgan kezlari Amir Husaynning hiylasi bilan ular orasiga nifoq tushadi. Shunday ogʻir bir vaziyatda Amir Husayn Amir Temurni oʻldirishni rejalashtirib, unga “doʻstlik va qardoshlikni” taklif etadi va Qurʼonni qoʻlga olib qasam ichadi. Va uni Temurga yuborib, elchi orqali “oʻrtadagi ahdu-paymolimizni yangilasak, xudo xaqqi durust boʻlur edi”, deb Chakchek darasida uchrashishni taklif etadi.
Amir Husaynning niyati qora edi. U Amir Temurni oʻldirmoqchi, yoʻlidagi asosiy va birdan-bir “gʻov”ni olib tashlamoqchi edi. Buni Amir Temur juda yaxshi tushunib turar edi. Shunday boʻlsada, Qurʼon hurmatini saqlab, aytilgan joyga boradi. Lekin ehtiyot chorasi bilan ikki yuz otliqni oʻsha yerga maxfiy joylashtiradi. Bundan bexabar Amir Husayn ming navkari bilan Amir Temur ustiga toʻsatdan hujum qiladi. Lekin Ollohning irodasi bilan Amir Temur gʻalaba qozonadi. Shunda sarkarda Amir Husaynga ushbu mazmunda turkiy bayt yozib yuboradi:
Yorga yetkur sabo, kim makr qilmishdur manga,
Qildi ersa kimga makrin, qaytadir bir kun anga.
Yaʼni kim menga makr, hiyla qilsa sabo (tong shamoli) uni yorga (yaʼni Ollohga) yetkazadi. Kim kimga makr, hiyla qilsa bir kun oʻziga qaytadi, Roʻzi Mahsharda javob beradi.
Bunday sermazmun va serjilo baytni bitish uchun yuksak tafakkur va katta maʼnaviy salohiyat sohibi boʻlish kerak. Binobarin, Sohibqiron Amir Temur ana shunday ulugʻ hofiza va aql-zakovat sohibi edi.
Shoir va fotih uchrashuvi
Sohibqiron Xuroson ustiga qilgan fath yurishlaridan birida fors mamlakatining poytaxti Sherozni ham oladi. Bu shaharda jahonga mashhur fors shoiri, Hofiz Sheroziy istiqomat qilardi.
Shoirning:
Agar koʻnglim shod etsa, oʻshal Sheroz jononi,
Qaro xoliga baxsh etgum Samarqandu Buxoroni,
– degan bayti jahonga taralib ketgan edi.
Aytishlaricha, Amir Temur Sherozda shoirni oʻz huzuriga chaqirtiradi va unga: “Men yer kurrasining juda katta qismini boʻysundirdim va oʻz hukumatim oʻrnashgan qadrdon shaharlarim Samarqandu Buxoroni obod qilish uchun topgan-tutganimni ayamadim, sen esa har ikkovini bir qizning qora xoliga berib yubormoqchimisan?”– deydi. Shunda Hofiz Sheroziy qoʻl qovushtirib turib: “Aʼlohazrat, shunaqa qoʻli ochiqligimdan oʻzingiz koʻrib turgan gadolik holiga tushdim-da”, – deb javob qiladi. Bu javob Sohibqironga maʼqul boʻladi va shoirga qimmatbaho sovgʻalar hadya qiladi.
Amir Temur va Hofiz Sheroziy orasidagi munozaralarning turli talqinlari mavjud boʻlib, boshqa bir rivoyatga koʻra, Sohibqiron: “Ey shoir, siz Sherozdan boshqa joyni koʻrmaganingiz uchun, Sherozdan goʻzal joy dunyoda yoʻq deb oʻylaysiz. Sizning Sherozingiz mening Samarqandimga qaraganda kichik va koʻrimsiz. Samarqand ilgaridan dunyoning goʻzal shaharlaridan edi. Men uni yana ham goʻzllashtirdim va dunyoning obod shaharlaridan qildim. Istasangiz yuring, sizni Samarqandga olib ketay” deydi.
Ammo Hofiz keksa yoshda boʻlgani uchun oʻz shahrini qoʻyib qolgan umrini Samarqandda oʻtkazishga rozi boʻlmaydi. Sohibqiron ham uning raʼyiga qarshi bormay, farovon hayot kechirmogʻi uchun ming dinor tuhfa qiladi.
Ana shu misollarning oʻzi ham Amir Temurning sheʼriy iqtidorga egaligi, sheʼriyatga, shoirlarga, adabiyot ahliga alohida gʻamxoʻrlik koʻrsatganidan darak beradi.