Amir Temur – kuch, aql va adolat timsoli
Tarix sahifalarida shunday buyuk siymolar borki, ularning nomi asrlar osha o‘z ahamiyatini yo‘qotmaydi. Ana shunday ulug‘ zotlardan biri – buyuk sarkarda Amir Temurdir. U nafaqat yengilmas qo‘mondon, balki kuchli davlat arbobi, dono siyosatchi va ilm-fan homiysi sifatida ham tarixda o‘chmas iz qoldirgan.
Amir Temur hayoti jasorat va matonatga boy. U yoshligidan boshlab og‘ir sinovlarni boshdan kechirgan bo‘lsa-da, o‘z oldiga qo‘ygan maqsadidan hech qachon qaytmagan. Uning qat’iyati va irodasi tufayli katta saltanat barpo etildi. Bu saltanat nafaqat harbiy qudrati, balki ichki tartib-intizomi va adolatli boshqaruvi bilan ham ajralib turardi.
Buyuk sarkarda o‘z faoliyatida faqat kuchga emas, balki aql va strategiyaga tayanardi. Uning har bir yurishi puxta reja asosida amalga oshirilgan. Aynan shu jihat uni boshqa hukmdorlardan ajratib turadi. U jang maydonida ham, siyosatda ham dono qarorlar qabul qila olgan yetuk shaxs edi.
Amir Temur ilm-fan va madaniyatga katta e’tibor bergan. Uning davrida shaharlar obod etilib, masjidlar, madrasalar, saroylar bunyod etilgan. Ayniqsa, Samarqand uning davrida dunyoning eng go‘zal va rivojlangan shaharlaridan biriga aylangan. Bu esa uning faqat jangchi emas, balki bunyodkor inson bo‘lganini ham ko‘rsatadi.
Bu fikr davlat boshqaruvida adolatning qanchalik muhim ekanini ifodalaydi. Amir Temur o‘z saltanatida qonun ustuvorligini ta’minlashga intilgan va bu orqali barqarorlikka erishgan.
Amir Temur XIV asrda, g‘oyat murakkab bir davrda yurtimiz hududida milliy davlatchilikni qayta tiklab, Vatan ozodligi yo‘lida ulkan jasorat ko‘rsatgan buyuk tarixiy shaxsdir. U asos solgan qudratli saltanat jahon sivilizatsiyasi tarixida o‘chmas iz qoldirgan. Sohibqironning hayoti va faoliyati salkam yetti asrdan buyon dunyo olimlari tomonidan katta qiziqish bilan o‘rganib kelinmoqda. Turli mamlakatlarda Amir Temur va temuriylarga bag‘ishlab minglab badiiy, ilmiy va san’at asarlari yaratilgani, bu ishlar bugun ham davom etayotgani uning tarixiy siymosi va merosi nechog‘li beqiyos ekanidan dalolat beradi.
Bugungi kunda – Yangi O‘zbekiston sharoitida Amir Temur va temuriylar tarixi va merosini chuqur o‘rganish har qachongidan ham katta ahamiyat kasb etmoqda. Bu shonli sulola tomonidan yaratilgan temuriylar Renessansi mamlakatimizda yangi Uyg‘onish davri poydevorini yaratishda xalqimiz uchun ishonch, ilhom va kuch-g‘ayrat manbai bo‘lib xizmat qilmoqda.
Amir Temurning “Kuch – adolatda”, “Adolat bilan jahon gulshani obod bo‘ladi” degan dono o‘gitlari bugun yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish, inson qadrini ulug‘lashga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlarda o‘ziga xos dastur va amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu ma’noda, Sohibqiron merosi nafaqat xalqimizning shonli o‘tmishi, balki bugungi taraqqiyotimiz va kelajak maqsadlarimiz bilan ham uzviy bog‘liqdir.
Bugun mamlakatimizda Sohibqiron o‘gitlariga amal qilib, adolatli davlat qurish, muhtojlarga yordam berish, yoshlar, xotin-qizlar va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash, ilm-ma’rifat va bunyodkorlikni rivojlantirish, dunyoga ochiq bo‘lib, turli mamlakatlar bilan hamkorlik qilishga katta e’tibor qaratilmoqda. Bu jihatlar ham Amir Temur merosining bugungi hayotimizdagi dolzarb ahamiyatini yaqqol namoyon etadi.
Xulosa qilib aytganda, Amir Temur – tarixda o‘z nomini oltin harflar bilan yozdirgan buyuk shaxs. Uning hayoti bizga matonat, qat’iyat va adolat bilan yashashni o‘rgatadi. U nafaqat o‘z davrining, balki butun insoniyat tarixining yorqin siymolaridan biri bo‘lib qoladi.
Isroilova Mahliyo,
O‘zA