Amerikaliklar Xarrisni afzal ko‘rishmoqda
“Associated Press-NORC” jamoatchilik bilan aloqalarni o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijasiga ko‘ra, vitse-prezident Kamala Xarris qator yetakchilik fazilatlari tufayli sobiq prezident Donald Trampdan ustunlikka ega.
Tadqiqotda qatnashganlarning qariyb yarmi “demokratiyaga sodiq” va “intizomli” Xarris yaxshi fazilatlarga egaligini ta’kidlagan bo‘lsa, taxminan 30 foizi bunday xislatlarni Tramp bilan bog‘laydi.
Har 10 amerikalikdan 4 nafari sobiq yetakchi kuchli, deb hisoblaydi va taxminan shuncha odam vitse-prezidentni yoqlaydi. Respondentlarning 40 foizga yaqini Tramp inqirozga dosh bera oladi, deb hisoblaydi va yana shuncha inson Xarris yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rgan, deydi.
Amerikaliklar, xususan betaraflar iqtisodiyot yoki immigratsiya masalasida Trampga ko‘proq ishonadi. Immigratsiyani boshqarishda ham shunday holat.
Xarris irqiy tengsizlik, abort siyosati va sog‘liqni saqlash bilan bog‘liq muammolarni hal qilishda nisbatan afzallikka ega. Katta yoshli amerikaliklarning qariyb yarmi nomzod-xonim ayni masala bo‘yicha yaxshiroq ishlaydi, deb o‘ylayapti. Bu borada Trampni qo‘llab-quvvatlaydiganlar 30 foiz.
So‘rovda Xarris bilan bog‘liq muammolar ham bor: 10 demokratdan faqat 6 nafari u G‘azo urushini yaxshiroq boshqarishiga ishonadi, bu juda past reyting hisoblanadi. Demokratlarning taxminan 25 foizi bu mavzuda hech bir nomzodga ishonmaydi.
Mazkur so‘rovnoma 2024 yil 8-12 avgust kunlari 1164 nafar amerikalik ishtirokida o‘tkazildi.