Amerikaliklar ehtirom koʻrsatgan quvalik qahramon
Qoʻlimda Sovet Ittifoqi Qahramoni Muhitdin Umrdinovning xotira daftari.
Gʻalabaning 75 yilligiga
Qoʻlimda Sovet Ittifoqi Qahramoni Muhitdin Umrdinovning xotira daftari. Unga koʻz yugurtirar ekanman, beixtiyor ulugʻ shoir va adib Gʻafur Gʻulomning “Shum bola” asari va undagi bosh qahramon Qoravoyning oʻz oʻrnida kulgili, oʻz oʻrnida ayanchli sarguzashtlari yodimga tushdi. Darhaqiqat, hayot zanjiri sinovlardan iborat. Bu sinovlar Muhitdin aka ulgʻaygan davr avlodlari uchun bir qadar ogʻir kechgan.
Bolalikning ogʻir kechmishi
Lavhamiz qahramoni 1912-yili Fargʻona viloyatining Quva tumanidagi Boyiston qishlogʻida tugʻilgan. Davlat parokanda, xalq qashshoqlikka yuz tutgan, chor Rossiyasi oʻz hukmini oʻtkaza boshlagan talotoʻp davr. Oddiy dehqon boʻlgan oila boshligʻi Umrdin aka hayot bilan erta vidolashdi. Ikki norasidasi bilan beva qolgan Fazilatxon opa ham eridan keyin koʻpga bormadi. Qizi va oʻgʻlini tashlab ketishga koʻzi qiymagan onaning koʻzlari ochiq ketdi. Bu paytda bolalarning yolgʻiz suyanchigʻi boʻlgan amakisi davr tazyiqlaridan qochib, Toshkentning Yangiyoʻl tumanidagi Qoratepa qishlogʻida istiqomat qilardi. U Muhitdinni oʻzi bilan olib ketdi.
Shunday qilib amakisi qoʻlida qolgan sakkiz yoshli bolakayning boylar, diniy ulamolar va katta yer egalari qoʻlidagi xizmatkorlik – hovli yumushlari, choyxona ishlari, choʻponlik, dehqonchilik kabi majburiyati, toʻgʻrirogʻi turli xonadonlardagi sarguzashti boshlandi. Buning evaziga amakisi ulardan haq olardi. Muhitdinning bolalik sarguzashtlari bilan tanishib, Gʻafur Gʻulom “Shum bola”ni qahramon otaxonimiz bilan suhbatlashib yozmagan ekanmi, degan xulosaga ham keldim.
Shunday qilib, hayot silsilalarida toblangan Muhitdin yoshi ulgʻaygan sari sinovlardan saboq oldi, hayotni teran anglab bordi, bilim olishga intildi, savodli boʻldi. 1930-yili olti oylik qurilish kursini tamomlab, vodiydagi qurilishlarda ishladi.
Tinib-tinchimas, intiluvchan va gʻayratli qahramonimiz yana oʻz oldiga maqsad qoʻydi va erishdi. Yaʼni Toshkentdagi oʻt oʻchiruvchilar bilim yurtida tahsil olib, shu sohada xizmat qila boshladi. 1941-yili uni yoʻnalishi boʻyicha Dogʻistonga ishga yuborishdi, Derbent shahridagi oʻt oʻchiruvchilar boʻlinmasiga komandirlik qildi.
Janggohlardagi unutilmas jasorat
1942-yilning yanvar oyidan esa Muhitdinning Ikkinchi jahon urushi frontidagi qahramonliklari boshlandi. U oʻzining xotira daftarida janggohlardagi hayajonli voqealarni quyidagicha taʼriflaydi: «Bizni 25-polk bilan Uzoq Sharqqa, Sovet-yapon chegarasiga olib kelishdi. Men frontda razvedkachi sifatida xizmat boshladim. 1943-yilning avgustida razvedka guruhiga komandir etib tayinlashdi va shu kuni razvedkaga chiqib, 2 kilometr chamasi yoʻl yurdik va fashistlarga duch keldik. Jang davomida 21 dushmanni yer tishlatdik. Qoʻl jangida besh nafar fashistni oʻldirib, bir askar va komandirni asir oldim. Xizmatlarim uchun II darajali Vatan urushi ordeni bilan mukofotlandim…
Meni Komsomolskaya shahriga komandirlik maktabiga oʻqishga joʻnatishdi. Oʻqish tugamasdan Moskva ostonasida boʻlayotgan jangga joʻnadik. Biz u yerda uch kecha-yu uch kunduz jang qildik, koʻpchilik halok boʻldi. Jangdan keyin polkimiz yangi jangchilar bilan toʻldirildi va Oryol-Kursk jangida ishtirok etdik. Polkimiz Zub daryosining chap qirgʻogʻida edi. Daryoning oʻng sohilida esa fashistlarning katta armiyasi joylashgan. 1944-yilning 5-iyun kuni bizning artilleriya dushmanga qarata bir soat chamasi oʻt ochgandan soʻng hujumga oʻtdik.
Bizning 102-oʻqchi polkimiz fashistlarga qarshi qaqshatqich jang olib bordi. Janglar davomida komandir vzvodim va komandir rotam halok boʻlib, 7 kishi qoldik. Komandirlikni oʻz zimmamga oldim va komandir va safdoshlarimning joniga qasd qilgan, tinmay oʻt ochayotgan fashist pulemyoti tomon yoʻl oldim…»
Muhitdin Umrdinov oltita jasur safdoshi bilan razvedkachilik mahoratini ishga solgan holda, kecha-yu kunduz har daqiqadan unumli foydalanib, 104 fashistni yer tishlatdi. Uning janglardagi mahorati Qizil bayroq ordeni bilan oʻz eʼtirofini topdi. Shundan soʻng unga 25 nafar jangchi biriktirilib, vzvod komandiri vazifasi yuklandi. “Men yangi topshiriq oldim”, deya olovli kunlarni xotira daftariga muhrlaydi Muhitdin: «Bu safar razvedkamizning asosiy vazifasi dushman istehkomlarini aniqlab, armiyamiz Oryolga kirishiga yoʻl ochish edi. Biz kechqurun yoʻlga chiqdik. Hammayoq jim-jit, goʻyoki hech qanday urush boʻlmayotgandek. Shunda bir sharpani sezib qoldik va oʻtlar orasiga yashirindik. U yaqinlashgach, irgʻib turib, uni qoʻlga oldim, ayol kishi ekan. Oldidan fashist pistoleti chiqdi. Uni tilga kirgizishga muvaffaq boʻldik. Biz turgan yerdan 50 metrcha naridagi binoda anchagina fashistlar borligini aytdi.
Bino oldiga kelib, uni oʻrab oldik. Bino eshigi oldiga bir pulemyotchini qoʻydim. Askarlarga: “Hozir men ichkariga kiraman, agar u yerda oʻq tovushi eshitilsa, meni chiqish-chiqmasligimdan qatʼi nazar, granata va pulemyotdan oʻt ochib, hammasini qirib tashlanglar!” deb buyruq berdim va ichkariga kirdim. Bino ichidagi birinchi xonada bir ofitser papiros chekib, u yoqdan-bu yoqqa yurib turardi. Men ichkariga kiriboq, “Xende xox!” (“Qoʻlingni koʻtar!”) deb buyruq berdim. U qoʻlini koʻtarar ekan, “Ey, biz koʻpchilikmiz, bekorga urinma, hammangni qirib tashlaymiz!” deb meni qoʻrqitmoqchi boʻldi. Men: “Agar hozir barcha soldat va ofitserlaring qurollarini topshirib, taslim boʻlmasanglar, shu yerning oʻzidan birortang ham tirik chiqmaysan, bino qurshab olingan!” deb doʻq urdim. Oʻlimdan qoʻrqqan fashist ofitseri 510 askar va oʻn toʻqqiz ofitseri bilan taslim boʻldi»…
Oʻlim chang sololmagan qahramon
Muhitdin ayovsiz janglar davomida Oryol hamda Belarus shahar va qishloqlarini fashist bosqinchilaridan ozod qilishda faol qatnashdi. 1944-yilning yanvaridagi janglardan birida oʻn toʻrt joyidan yaralanib, behush yiqildi. Unga Gomel shahridagi gospitalda shoshilinch tibbiy yordam koʻrsatildi, qon quyildi. Davolash muolajasi uzoq davom etdi. Biroq koʻp qon yoʻqotgan yigit koʻzini ochmadi. Shifokorlar uning hayotga qaytishidan umidini uzdi. Vujudida hayot alomati yoʻq jangchi oʻlikxonaga joylashtirildi. Oradan bir sutka oʻtgach, gospital qorovuli oʻlikxonaga kirib, uning nafas olayotganini sezib qoldi va shifokorlarga xabar berdi. Qayta-qayta qilingan muolajalar oʻz samarasini berdi, yigit hushiga keldi. Gospitalda ikki oy davolangan Muhitdin Tyumen shahar gospitalida yana uch oy muolaja oldi...
Xotira daftaridagi yurakni larzaga soluvchi jang tafsilotlari, qiziqarli va xilma-xil voqealar oʻquvchini befarq qoldirmaydi. Ayniqsa, Muhitdinning fashist tanklarini yoʻq qilishdagi jonbozligi gʻalabani taʼminlashga katta ulush qoʻshgani uni haqiqiy qahramonga aylantirdi. Katta serjant Muhitdin Umrdinov 1944-yilning iyulida Kremlda uch yuzdan ziyod qahramonlar qatorida “Lenin” ordeni va Sovet Ittifoqi Qahramoni unvonini qabul qilib oldi.
Amerikadan maktub
– Dadamning “Oltin Yulduz” medali turli sabablarga koʻra uch marta yoʻqolib, uch marta topilgan, – deydi qahramonning oʻgʻli Rahmatjon Umrdinov. – Qarangki, katta suv toshqinida qishlogʻimizda yoʻqolgan medal Amerikadan qaytarildi. Bu voqeaga qisqacha toʻxtaladigan boʻlsam, 2000-yili menga Amerikadan xat keldi. Xat rus tilida boʻlib, qoʻyidagi soʻzlar bitilgandi: “Men amerikalikman, ismim Genri Sakaida. Los-Anjels yaqinida yashayman. Ikkinchi jahon urushi qahramonlari haqida kitob yozmoqchiman. Sovet Ittifoqi Qahramoni Muhitdin Umrdinov toʻgʻrisida ham. Uning urushda koʻrsatgan hamma qahramonliklarini diller yollab, Moskva Mudofaa ishlari vazirligidan oldim. Qahramonning urushdan keyingi hayotini menga yozib yuborsangiz”, debdi. Otamning urushdan keyingi hayoti haqida unga yozib yubordim.
Shunday qilib u bilan tanishib oldim va xat yozishib turdik. Bir gal u yuborgan xat bilan birga bir nechta rasm keldi. Ne koʻz bilan koʻrayki, rasmda dadamning “Oltin Yulduz” medali guvohnomasi bilan turardi. Hayajonlanib ketdim, medal uning qoʻliga qanday yetib borgani bilan qiziqdim, uni qancha narxga boʻlsa ham qaytarib olishimni aytdim. U paytlar texnikalar u qadar rivojlanmagan, xatlar Amerikaga bir oyda borib, bir oyda qaytardi. Shunday qilib ikki oy deganda undan javob keldi: “Xatingni oʻqidim va shu kuni tushimda dadangni koʻrdim. U ham medalni qaytarishimni istayapti. Men, albatta, uni qaytaraman. Faqat hozircha qanday qilib yuborishni bilmayman, bir yoʻlini topib, senga xabar qilaman”. Bu orada Genri urush qahramonlariga bagʻishlangan kitobini yozib tugatdi va menga ham bir nusxa berib yubordi.
2004-yili hayotimdagi unutilmas voqea yuz berdi. Meni Toshkentga chaqirtirishdi. Quva mudofaa ishlari boʻlimidagi bir ofitser bilan u yerga yetib bordik, Mudofaa vazirligida boʻldik. Ertasiga Qurolli Kuchlar davlat muzeyida bir qator urush qatnashchilari va mehmonlar ishtirokida Amerika generali Piter Peys dadamning urushda koʻrsatgan jasoratlari haqida gapirib, uning “Oltin Yulduz” medalini tantanali ravishda menga topshirdi. Beixtiyor koʻzlarim yoshga toʻldi. Amerikalik mehmonlar, barcha jonkuyar insonlar hamda Genri Sakaidaga oʻz minnatdorligimni bildirdim. Maʼlum vaqt oʻtib, Genrini Oʻzbekistonga taklif qilib u bilan koʻrishdim…
Sovet Ittifoqi Qahramoni Muhitdin Umrdinovning urushdan keyingi hayoti va faoliyati haqida uzoq toʻxtalish mumkin. U oʻsha davrda Oʻzbekiston SSR Markaziy komitetining birinchi sekretari boʻlgan Usmon Yusupov maslahati va yordami bilan Quvada katta obodonchilik ishlarini amalga oshirgan. Masʼuliyatli vazifalarda xizmat qilgan. Umr yoʻldoshi Maqsuda opa bilan sakkiz oʻgʻil-qizni ulgʻaytirib, elparvar insonlar safiga qoʻshgan. Umrining soʻngiga qadar el orasida boʻlgan. Bir soʻz bilan aytganda, 69 yillik umri davomida hayotning zahmatli sinovlariga koʻkrak tutib, yurti uchun yonib yashagan. Bunday insonlar xotirasi hamisha uygʻoq, hamisha hurmat va eʼzoz ila yodga olinishga loyiqdir.
“Vatanparvar” gazetasi muxbiri
Zulfiya YUNUSOVA
OʻzA uchun maxsus tayyorladi.