Amaliy san’at durdonalari namoyishi
Poytaxtimizda bo‘lib o‘tayotgan "Yangi O‘zbekiston: taraqqiyot, innovatsiya va ma’rifat" mavzusidagi Xalqaro sheriklik tashabbuslari haftaligi doirasida Toshkent muzeyida "Amaliy san’at durdonalari" deb nomlangan ko‘rgazma ochildi.
Mazkur ko‘rgazma Madaniyat va turizm vazirligi, Madaniy meros agentligi, O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati kabi tashkilotlar hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston amaliy san’ati qadimiy va boy ildizlariga, o‘z an’ana va maktablariga ega. Mazkur an’analar Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan zaminimizda tobora rivojlanib, boyib borgani tadbirda alohida e’tirof etildi.
Diyorimizda qadimda usta-hunarmandlar tomonidan yaratilgan buyumlar bugungi kunda nainki yurtimiz, balki jahon muzeylarida saqlanmoqda. Ular tarix, etnografiya, dizayn san’atiga oid bilimlarimizni boyitishda katta ahamiyatga ega.
Ko‘rgazmada amaliy san’atning turli yo‘nalishlariga oid namunalar tadbir ishtirokchilari e’tiboriga havola etildi.
Nazokat Usmonova, Nosirjon Haydarov (surat), O‘zA