Amalga oshirilgan ishlar sarhisobi
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “2015/2016 o‘quv yili yakunlari: amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Milliy matbuot markazida O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan “2015/2016 o‘quv yili yakunlari: amalga oshirilgan ishlar va istiqboldagi ustuvor vazifalar” mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.Xalq ta’limi vazirining birinchi o‘rinbosari B.Doniyorov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan izchil islohotlar o‘g‘il-qizlarning bilimini mustahkamlash, bo‘sh vaqtini samarali tashkil etish, yuksak salohiyatli avlodni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.
Mamlakatimizda 9 ming 692 umumta’lim, 283 bolalar musiqa va san’at, 225 bolalar va o‘smirlar sport maktablari, 4 ming 916 maktabgacha ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda. Ularni zamonaviy o‘quv-laboratoriya uskunalari, komputer texnikasi, darsliklar va o‘quv-uslubiy materiallar bilan jihozlash borasidagi ishlar uzluksiz davom etmoqda.
“Sog‘lom ona va bola yili” Davlat dasturi va bir qator loyihalar asosida o‘quv yili davomida 1 ming 220 umumta’lim maktabida 12 ming 956 komputer sinfi, 2 ming 603 elektron doska bilan ta’minlash ishlari olib borildi. O‘tgan 2015-yilda boshlang‘ich sinf chet tillari xonalari 6 ming 775 to‘plam texnik vositalari bilan jihozlandi.
Ushbu yilda 28 bolalar va o‘smirlar sport maktablarini qurish, qayta ta’mirlash, rekonstruksiya qilish, zamonaviy sport anjomlari bilan jihozlash ishlari amalga oshirildi. Buning samarasida nufuzli xalqaro sport musobaqalarida 479 o‘quvchi ishtirok etib, 140 oltin, 83 kumush, 91 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
“Ta’limda global hamkorlik” loyihasi doirasida maktabgacha ta’lim muassasalarida 1 ming 220 “Qisqa muddatli” guruh tashkil etish ishlari davom etmoqda.
O‘g‘il-qizlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish, ularni fan va kasb-hunar to‘garaklariga jalb etish, turli illatlar, yot g‘oyalar, tahdidlardan asrash maqsadida elektron dastur tizimi amaliyotga joriy etildi. Bu ularning vaqtini nazorat qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘layotir.
Tez kunda barcha umumta’lim maktabida “Xayr, maktab – salom, kollej!” an’anaviy tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bu yil umumta’lim maktablarining 9-sinfini 476 mingdan ziyod o‘g‘il-qiz tamomlaydi. Ularni ta’limning keyingi bosqichiga qamrab olish maqsadida o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar e-maktab elektron ma’lumotlar bazasiga joylashtirildi. Ularning qaysi kasb-hunar kolleji yoki akademik litseyda o‘qish istagini bilish uchun uch marta so‘rovnoma o‘tkazildi. Shu asosda chora-tadbirlar ishlab chiqildi.
O‘quvchilarning yozgi ta’tilda bo‘sh vaqtini samarali o‘tkazish uchun salohiyatli kadrlar, tashabbuskor pedagoglar jalb etilayotir. Maxsus ishlab chiqilgan konsepsiya asosida tashkil etiladigan mashg‘ulotlar, fan va sohaviy to‘garaklar yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish, bilimlarini mustahkamlashga xizmat qiladi. Barcha umumta’lim maktablari qoshida tashkil etiladigan kunduzgi oromgohlarda 15-iyundan 15-avgustga qadar haftada ikki marta sport- sog‘lomlashtirish, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazish rejalashtirilmoqda.
Bu kabi sa’y-harakatlar yosh avlodning zamon talablari darajasida ta’lim-tarbiya olishi, hech kimdan kam bo‘lmagan barkamol avlod, yetuk insonlar bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qiladi.