Amaldagi rais qayta saylandi
FOTOREPORTAJ
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashining IX konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.
Hisobot va amaliy ishlar tahliliga bag‘ishlangan konferensiyada 2020–2024 yillarda viloyat Kengashi tomonidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha Kengash raisi Erkinjon Nuraliyevning hisoboti tinglandi.
Ta’kidlanishicha, olib borilgan targ‘ibot tadbirlari natijasida 5 ming 125 ta korxona, tashkilot va muassasada kasaba uyushmasi xizmati tashkil etilib, ularda mehnat qilayotgan 181 ming 31 nafar xodim a’zolikka qabul qilinishiga erishilgan.
Ayni paytda, viloyat kasaba uyushmalari o‘z safida qariyb 700 ming nafar a’zoni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini ta’minlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Xususan, hisobot davrida 2 ming 269 nafar xodimning huquq va manfaatlari tiklanib, ish haqi va boshqa to‘lovlar uchun 17 milliard 794 million so‘m mablag‘ undirilishiga erishildi.
Viloyatda so‘nggi yillarda Kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan 2 ta muhtasham va zamonaviy “So‘x” va “Bilimdon” oromgohlari qurildi. Ushbu oromgohlarda har yili mavsumda ming nafardan ziyod bolajon maroqli dam olmoqda.
Shuningdek, 35 mingdan ziyod xodim va ularning oila a’zolari sanatoriylarda sog‘lomlashtirilib, ulardan 12 ming 903 nafari imtiyozli va 1 ming 56 nafari bepul yo‘llanma asosida o‘z salomatligini tikladi. Bundan tashqari, 42 mingdan ortiq bolaning oromgohlarda dam olishi tashkil etilgani, 97 mingdan ziyod xodim va ularning oila a’zolarining respublikamizdagi diqqatga sazovor qadamjolarga sayohatlari tashkillangani ham bu boradagi ishlar ko‘lamining kengligidan dalolat beradi.
O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Farg‘ona viloyati Kengashi qo‘shni Qirg‘iziston va Tojikiston kasaba uyushmalari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borishi natijasida so‘nggi yillarda qo‘shni mamlakat yoshlarining ham viloyatdagi oromgohlarda dam olishi ta’minlanmoqda.
Bundan tashqari, aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, inson huquq va manfaatlarini ta’minlashda kasaba uyushmalari faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, “Ayollar daftari” bilan ishlash tizimi orqali o‘tgan davr mobaynida mutasaddi boshqarmalar, mahalliy hokimliklar bilan hamkorlikda 400 mingdan ortiq xotin-qizning muammolarini ijobiy hal etishda kasaba uyushmalari davlatimizga mustahkam tayanch bo‘lib maydonga chiqqanini e’tirof etish joiz.
Konferensiyada taftish komissiyasi faoliyati haqida ham axborot berildi. Shundan so‘ng, kelgusi besh yillik uchun ustuvor vazifalar belgilab olindi.
[gallery-24380]
Anjumanda viloyat kengashi raisi lavozimiga ikki nomzod ko‘rsatildi. Muqobillik va yashirin ovoz berish asosida o‘tkazilgan saylov natijalariga ko‘ra, amaldagi rais Erkinjon Nuraliyev yana besh yillik muddatga rais etib saylandi. Shuningdek, Lolaxon Ahmedova va Abror Otaboyevlar viloyat kengashi raisi o‘rinbosarlari lavozimiga saylandi.
Yakunda O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Qurultoyida ishtirok etuvchi delegatlar ham saylandi.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA