“Aloqabank” yoshlar shtabini tashkil etildi
Yurtboshimizning faol yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotida ertamiz egalari uchun imkoniyatlarni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilinib, “Aloqabank” yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch bankka aylantirilib, uning faoliyatiga 200 million dollar ajratilishi ta’kidlandi.
2025 yil 14 fevralda qabul qilingan “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorga ko‘ra, mazkur bank orqali yoshlar uchun mo‘ljallangan imtiyozli kreditlarni ajratish tartiblari belgilandi. Bu borada bankning Namangan viloyatidagi HKXK markazida amaliy ishlar boshlanib, tajriba tariqasida ochilgan “Yoshlar shtabi”ga alohida 10 nafar xodim biriktirildi.
[gallery-21917]
Bugungi kunda Namanganda 14-30 yosh oralig‘idagi yigit-qizlar 652 ming nafarni tashkil etadi, bu viloyat aholisining 22,3 foiziga to‘g‘ri keladi. Ilk olib borilgan o‘rganishlar natijasida 633 nafar yosh tadbirkorning 125 milliard 400 million so‘mlik biznes loyihalari shakllantirildi. Shulardan 464 tasi “Biznesga birinchi qadam” loyihasi doirasida o‘zini-o‘zi band qilish asosida imtiyozli kreditlardan foydalanishni rejalashtirmoqda.
– Bugun tadbirkor bo‘laman, o‘z biznesim bilan Vatanim ravnaqiga munosib hissa qo‘shaman, degan har yoshga shaxsan davlat rahbari katta imkoniyatlarni taqdim qilmoqda, – deydi Namangan shahridagi “Innovation Language centre” o‘quv markazi rahbari, xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati Dostonbek Rahimjonov. – Yuksak g‘amxo‘rliklardan foydalangan holda, Yangi Namangan tumanida bolalar bog‘chasi, o‘quv markazi va xususiy maktabni o‘zida mujassam qilgan ta’lim majmuasini barpo etishni rejalashtirganman. Bu borada menga “Aloqabank”ning imtiyozli kreditlari qo‘l kelishi mumkin.
Tadbirda qatnashgan Namangan viloyat hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov “Yoshlar shtabi” faoliyatini keng targ‘ib etish zarurligi, ayniqsa, navqiron avlod vakillarining ushbu yaratilgan imkoniyatlardan samarali foydalanishni ta’minlash borasida samarali ish tashkil etish bo‘yicha tegishli mutasaddilarga topshiriqlar berdi.
Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA