Alohida ta’limga ehtiyoji bor bolalarning aybi nimada?
Konstitutsiyamizning 41-moddasida: «Har kim bilim olish huquqiga ega. Bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanadi. Maktab ishlari davlat nazoratidadir» deyilgan.
Har bir maktab yoshiga yetgan bola borki, ta’lim olishga biriktiriladi. Ota-onalar farzandlarini bilim olishi, tengdoshlari bilan bir xil o‘sib-rivojlanishi tarafdori va buning uchun bor kuchini, mablag‘ini sarflaydi. Ammo imkoniyati cheklangan o‘quvchilar ham borki, ular o‘z tengdoshlari kabi maktabga har kuni qatnab ta’lim olish imkoniga ega emas. Kuzatuvlar shuni ko‘rsatmoqdaki, bugun imkoniyati cheklangan o‘quvchilarga o‘z uylarida ta’lim olishi uchun sharoitlar yaratish va ularga o‘z vaqtida ta’lim-tarbiya berishda qator kamchiliklar mavjud. Shu bois juda zarur ta’limlardan biri – inklyuziv (uy ta’limi)ga ahamiyat berish doim dolzarb vazifalardan biri bo‘lgan.
O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi tomonidan Respublikada inklyuziv ta’limni rivojlantirish, alohida ta’limga ehtiyoji bo‘lgan bolalarni o‘qitish tizimini takomillashtirish, sifatini yaxshilash maqsadida jamoatchilik nazorati tartibida Samarqand viloyatida ishchi guruh tuzildi va monitoring kuzatuv-o‘rganishlari olib borildi.
O‘rganishlarga ko‘ra Bulung‘ur tumani «Chorbog‘» MFY yashovchi N.Olmosova o‘g‘li L.Boboqulov 13-maktabning 8-sinfida ta’lim olayotganligi, uning kasalligi chap tizza ichki sinishi ekanligini ma’lum qilgan.
L.Boboqulovning ta’lim jarayonlarini o‘rganish davomida ba’zi kamchiliklar aniqlandi: rus tili o‘qituvchisi M.Holjigitov oxirgi marta 2022 yil 2 fevralda dars o‘tganligi, qolgan o‘qituvchilar umuman kelmay, baholarni qo‘yib borayotganligini aytib o‘tishdi. Maktab ma’muriyati ham, sinf rahbari ham, ota-onasi telefon orqali chaqirsada, har xil bahonalar qilib kelmayotganligi, dars jadvali tuzilmaganligi, doska berilgan, ammo dars o‘tadigan o‘qituvchi yo‘qligini aytishdi.
Bulung‘ur tumani «Sayiltepa» MFYda yashovchi Sohiba A’zamqulova qizi Z.Sharipovani 2-maktabning 1-sinfida ta’lim olayotganligini aytdi. Z.Sharipova chap soni qoldiqli yarim chiqishi (OHK) kasalligi, tug‘ma orqa miya churrasi kasalliklariga chalingan. Qizaloqning ta’lim jarayonlarini o‘rganish davomida ba’zi bir kamchiliklar aniqlandi: o‘qituvchisi Gulruh Imomova 2022 yil 15 aprel kuni oxirgi marta dars o‘tganligi, lekin shu bugunga qadar u umuman kelmaganligi aniqlandi. Otasi K.Azamqulov o‘qituvchidan har kuni vaqtida dars berishini so‘raganida, o‘qituvchi har xil bahona qilib kelmayotganligi va 2-maktab ma’muriyati ham umuman o‘quvchisidan xabar olmasligini hatto direktorni ham tanimasligini aytib o‘tishdi. Jajji qizaloqning ilmga chanqoq, kelajakka to‘la umid bilan boqayotgan ko‘zlariga qarab, nahotki ustozlari ozgina bo‘lsada, mas’uliyatni his etmasa, vijdonan o‘z ishiga yondashmasa, degan savollar tug‘iladi.
Bulung‘ur tumani «Sayiltepa» MFY Tepa qishlog‘i «Baraka» ko‘chasida yashovchi Z.A’zamqulovaning ikki o‘g‘li Hasan va Husan Xudoyberdiyevlarga ham gemofiliya tashxisi qo‘yilgan. Ular 2-maktabning 11-sinfida ta’lim olishmoqda. Hasan va Husan Xudoyberdiyevlarning ta’lim jarayonlarida ham kamchiliklar yaqqol ko‘zga tashlanadi. Maktab tomonidan doska berilmaganligi, dars jadvali tuzilgan bo‘lsada, faqatgina kimyo fani o‘qituvchisi kelgan. Boshqa o‘qituvchilar umuman kelmagan. Algebra, geometriya kabi muhim fanlardan darslar umuman o‘tilmaganini Hasan va Husan Xudoyberdiyevlarning o‘zlari aytishdi.
Kattaqo‘rg‘on tumani «Yodgorxo‘ja» MFYni Qiyot qishlog‘i hududida yashovchi 5-maktab 1-sinf o‘quvchisi M.Zokirova aqliy rivojlanishdan orqada qolgan.
O‘quvchiga darslik o‘quv qurollari doska, stol-stul, kitob-daftar va boshqalar berilmagan.
M.Zokirovaning o‘qishiga maktab ma’muriyati befarqligi tufayli o‘quvchi shu kunga qadar to‘liq ta’lim olmaganligi ma’lum bo‘ldi.
O‘quvchining onasi D.Erdonovaning aytishicha, 1-sinf boshlanganidan buyon farzandi savodsiz bo‘lib qolmasin, deb o‘z hisobidan o‘quv qurollari xarid qilib, 300000 so‘mdan pul to‘lab, 2 oy o‘qituvchi yollab o‘qitishgan. Ta’limni davom ettirish uchun esa oilasining moddiy sharoiti to‘g‘ri kelmaganligi sababli 5-maktabga murojaat qilgan.
Maktab o‘qituvchilari tomonidan D.Erdonovaning farzandini o‘qitish mumkin emasligi topshirig‘i tuman XTBdan berilganligi aytilgan.
Lekin M.Zokirova tuman tibbiyot birlashmasiga murojaat qilib, hujjatlar rasmiylashtirilgach, 5-maktabdan o‘qituvchi ajratilib dars berish boshlangan. Lekin 2022 yil yanvar oyida bir kelib qaytib kelmaganligini qizchaning onasi qimtinib, aytdi.
Nurobod tuman Xalq ta’lim bo‘limiga qarashli 77-umumiy o‘rta ta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi «Mash’al» MFY Shurobod qishlog‘ida yashovchi O.Mahmado‘stova aqli zaiflik, nutqi rivojlanishidan orqada qolish bilan kasallangan. Opasi Elnura Saydiyeva bilan suhbatlashilganida 77-maktab ma’muriyati tomonidan o‘qituvchi ajratilmaganligi bir necha oylardan buyon biror-bir o‘qituvchi xabar olmasligini aytib o‘tdi.
O.Mahmado‘stova maktabga qatnab ta’lim olaman desa, o‘qituvchisi e’tibor qilmasligi, sinfdoshlari esa «jinni keldi, jinni keldi», deya masxara qilishlari bois bir necha yillardan buyon maktabga ham bormay qo‘yganligini ma’lum qildi.
Samarqand shahar «Zarafshon» MFY, «Bahor» ko‘chasi 3-uyda yashovchi fuqaro B.Xudoyqulov 78-maktabning 4-sinfida ta’lim oladi. U suyak yemirilishi (DSP) kasalligining o‘ta og‘ir darajasi bilan kasallangan. O‘quvchining uyda olayotgan ta’limida qator kamchiliklar aniqlandi.
Dars jadvali yo‘q, darslar o‘z vaqtida o‘tilmaydi. Psixolog umuman kelib ko‘rmagan. Maktab ma’muriyati o‘quvchi holidan xabar olmagan. Darslik kitoblar berilmagan. O‘qituvchilar kelmay turib baho qo‘yib berishayotgan ekan.
Bilim olishga chanqoq, orzulari osmon, ammo imkoniyati cheklangan bu bolajonlar ham boshqa tengdoshlari singari ta’lim olishga haqli. Biz yuqorida keltirganlarimiz kabi inklyuziv ta’limda kamchiliklar juda ko‘p. Bunga esa ko‘z yumib bo‘lmaydi. Xalq ta’limi tizimidagi mas’ullar bu masalaga jiddiyroq yondashishsa, uy-ta’limiga biriktirilgan ustoz va murabbiylar vijdonan o‘z ishlarini bajarishsa, bu qora ko‘zlarda ham quvonch barq urar edi.
Butun Respublika miqyosida monitoring-kuzatuv ishlari davom ettiriladi.
O‘zA