Alla bola xotirasida umrbod muhrlanadi
Guliston shahrida “Alla – muqaddas qo‘shiq” ko‘rik tanlovi bo‘lib o‘tdi. Alla milliy qadriyatlarimizning bebaho namunasi hisoblanib, u go‘dak xotirasida umrbod muhrlanib qoladi. Farzand uchun o‘z onasidan mehribonroq zot yo‘q. Onasining allasidan, uning ohangidan yoqimliroq kuy ham yo‘q.
Sirdaryo viloyati tashkil etilganligining 60 yilligi munosabati bilan viloyat Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlov milliy qadriyatlarimizni asrab-avaylash, xalqimizning milliyligimizga, muqaddas allamizga bo‘lgan hurmatini yanada oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Oila institutini mustahkamlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, dunyo beshigini tebratuvchi onalarga bo‘lgan mehr-muhabbat va hurmatni namoyon etish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga ota-onaga hurmat, farzandlik burchlarini anglatib, ehtiromini to‘liq ado etishga yo‘naltirish maqsadida “Alla” ko‘rik tanlovi barcha tuman va shaharlarda o‘tkazildi.


– Alla aytish san’atini o‘rganish, bu orqali farzandga onasi ma’naviyatini yetkazish, o‘zligini anglatish – yosh onalarning farzandi oldidagi burchlaridan biri, – dedi viloyat “Oqila ayollar” harakati rahbari,senator Hayotxon Ortiqboyeva. – Zero, farzandlar qalbida o‘zi tug‘ilib o‘sgan oilasiga, mahallasiga, Ona Vatanga muhabbat tuyg‘ularini shakllantirishda allaning o‘rni juda muhim.




Ko‘rik tanlov g‘oliblari “Yosh onalar allasi”, “Farzandlarga alla aytishni o‘rgatish”, “Nabiralarga aytilgan eng yaxshi alla” kabi uch nominatsiya bo‘yicha taqdirlandi. G‘olib va sovrindorlarga diplom va qimmatbaho sovrinlar topshirildi. Taniqli san’at ustalari va yosh ijodkorlar ishtirokidagi konsert dasturi, go‘zal raqslar tadbirga yanada ko‘tarinkilik bag‘ishladi.
Sh.Suyarov, O‘zA