Alinaga yangi zamonaviy xonadon topshirildi
Davlat himoyasida voyaga yetgan yoshlarga zamonaviy xonadonlar berilmoqda. Ana shunday yoshlardan biri Mirobod tumanida tavallud topgan Alina Omarovadir.
Alina “Mehribonlik uyi"da tarbiyalangan. Ayni vaqtda Uchtepa tumanidagi 194-maktabda ta’lim olmoqda va kelgusida kikboksing bo‘yicha murabbiy bo‘lishni orzu qiladi. U hozirda sambo bilan ham shug‘ullanib, sport sohasidagi natijalarini mustahkamlab bormoqda.

Prezidentimizning 2021 yil 25 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida Alina uchun Bektemir tumanida joylashgan 38,3 kv.m. maydonga ega kvartira xarid qilindi. Alina uchun ajratilgan yangi xonadon zarur jihozlar bilan ta’minlandi.

Toshkent shahar hokimi o‘rinbosari Durdona Rahimova, Mirobod tumani hokimi Anvar Sayfutdinov, Mirobod tumani “Inson” markazi rahbari Kamoliddin Rustamov Alina bilan uchrashib, uning yangi turmush sharoiti bilan yaqindan tanishdi.

Alina yangi xonadonda yaratilgan qulayliklardan mamnun ekanini bildirib, bu kabi e’tibor va g‘amxo‘rlik uchun, avvalo, davlat rahbariyatiga chuqur minnatdorlik izhor etdi. O‘ylaymizki bu kabi ezgu tashabbuslar mustaqil hayot ostonasida turgan yoshlarimiz uchun beqiyos ma’naviy tayanch va o‘z kelajagi sari dadil qadam tashlashi uchun ulkan ishonch bo‘la oladi.

Gulnoza Boboyeva,
O‘zA