Alimentchi ota qarzini birdan to‘ladi
Qarzdor B.Raximov fuqarolik ishlari bo‘yicha Romitan tumanlararo sudining 2017 yil 7 noyabrdagi hal qiluv qaroriga asosan turmush o‘rtog‘i fuqaro Sh.Komilova foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy ta’minoti uchun har oylik ish haqi va boshqa daromadlarining oltidan bir qismdan kam bo‘lmagan miqdorda aliment to‘lashi lozim edi.
Majburiy ijro byurosi Jondor tumani bo‘limi davlat ijrochisi qarzdor B.Raximovni bir necha marotaba o‘z vaqtida farzandi moddiy ta’minotini bajarishini eslatib, ogohlantirgan. Majburiy ijro harakatlari davomida holat yuzasidan B.Raximovga ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi.
Qarzdor 17 oy davomida 13 million 453 ming so‘m aliment to‘lovlarini to‘lashdan qasddan bo‘yin tovlab kelgan.
– Jinoyat ishlari bo‘yicha Jondor tuman sudining ochiq sud majlisida huquqbuzar B.Raximovga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ish mazmunan ko‘rib chiqildi, – deydi MIB Jondor tumani bo‘limi davlat ijrochisi Bahodir Kenjayev. – Sud huquqbuzar B.Raximovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining tegishli moddasi bilan 15 (o‘n besh) sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinladi.
Alimentdan bo‘yin tovlash uchun kelgusida jiddiyroq chora ko‘rilishi mumkinligini tushungan ota 13 million 453 ming so‘m aliment pullarini to‘lab berdi.
Zarif Komilov, O‘zA