Aliment to‘lamayotgan otalarga ko‘mak
Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan shahar bo‘limi va shahar prokuraturasi hamkorligida aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash maqsadida bir qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Bunda asosiy e’tibor uzoq vaqtdan beri turli sabablar bilan aliment to‘lamayotgan ishsiz fuqarolar bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Mehnat yarmarkasiga puxta tayyorgarlik ko‘rish maqsadida MIB davlat ijrochilari “mahallabay” o‘rganishlar orqali ishsiz aliment to‘lovchilarning muammolarini o‘rgandi. Shundan so‘ng ular yarmarkaga taklif etildi. Yarmarkaga kelgan ishsiz fuqarolarga “Namangan to‘qimachi”, “Art soft Holding”, “Merrimed farm” kabi yirik jamiyatlar mutasaddilari tomonidan mehnat sharoitlari, oylik maosh va bo‘sh ish o‘rinlari haqida ma’lumot berildi.

Namangan yuridik texnikumida bo‘lib o‘tgan yarmarkada viloyat markazida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan 10 dan ortiq korxonalar o‘zlarida mavjud 300 ta bo‘sh ish o‘rni bilan ishtirok etdi. Asosiysi, muntazam o‘tkazib kelinayotgan yarmarkaning bu galgisida 20 kishi ishli bo‘ldi.

– Oilaviy kelishmovchilik tufayli turmush o‘rtog‘im bilan ajrashganman. Sudning qarori bilan bir nafar farzandimga aliment to‘lashim belgilangan. Biroq, muqim ishim yo‘qligi sababli aliment to‘lashda muammolar bor edi, – deydi Namangan shahrining Zarafshon mahallasida istiqomat qiluvchi Zokirjon Xojiyev. – MIB va prokuratura o‘tkazgan yarmarkada “Namangan to‘qimachi” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga ishga qabul qilindim. Endi farzandimning moddiy ta’minotida muammo bo‘lmaydi, to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirishimga imkon tug‘ildi. MIB Namangan shahar bo‘limi boshlig‘ining o‘rinbosari Akmaljon Ikromovning ta’kidlashicha, Byuro tomonidan joriy yilning o‘tgan davrida aynan ishsiz bo‘lgan ikki yuzdan ziyod aliment to‘lovchilarni turli korxona va tashkilotlarga hamda mavsumiy ishlarga qabul qilinishiga ko‘maklashilgan.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA muxbiri