Aliment qarzdorlik jamg‘armadan to‘lab berildi
Prezidentimizning 2022 yil 7 martdagi “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni bilan Majburiy ijro byurosi huzurida “Aliment to‘lovlari” davlat maqsadli jamg‘armasi tashkil etilgan edi.
Endilikda otalik mas’uliyatini unutib, voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlagan qarzdorlar jinoiy javobgarlikka tortilib, aliment to‘lovidan bo‘lgan qarzdorlik “Aliment to‘lovlari jamg‘armasi” hisobidan qoplab berilmoqda. Ta’kidlash joizki, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Namangan viloyati boshqarmasi hamda uning shahar va tuman bo‘limlari ish yurituvidagi aliment bilan bog‘liq hujjatlar ijrosini ta’minlash davomida shu kunga qadar 37 holatda jami 951 million so‘m atrofidagi mablag‘ jamg‘arma hisobidan qoplab berildi.
– Jamg‘arma mablag‘lari voyaga yetmagan farzandini moddiy ta’minlashdan bo‘yin tovlaganlik uchun qarzdor jinoiy javobgarlikka tortilgan taqdirda, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni qoplab berishga yo‘naltiriladi, – dedi MIB viloyat boshqarmasi inspektori Abdullo Habibjonov. – Bunda qarzdorlikni qoplab berish uchun majburiy ijro harakatini amalga oshirgan davlat ijrochisi aliment to‘lovlarini qoplab berish to‘g‘risidagi qarori asos bo‘lib hisoblanadi. Masalan, Byuroning Norin tumani bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan hujjat ijrosi doirasida jamg‘arma mablag‘i hisobidan 25 million 525 ming so‘m qarzdorlik to‘lab berildi. Aniqlanishicha, fuqarolik ishlari bo‘yicha Uchqo‘rg‘on tumanlararo sudining buyrug‘iga ko‘ra, fuqaro S. D. dan undiruvchi M. K. foydasiga voyaga yetmagan farzandlari uchun aliment undirish belgilangan. Mazkur ijro hujjati MIB tuman bo‘limi ish yurituviga olingan va ijro harakatlari olib borilgan. Biroq, ota qarzdorlikni turli bahonalar bilan to‘lamaydi. Shu bois, aliment to‘lovlaridan yuzaga kelgan qarzdorlikni to‘lamagani uchun dastlab ma’muriy, undan so‘ng esa jinoiy javobgarlikka tortilgan. Shundan so‘ng ham ijro harakatlari davomida qarzdorlikni undirish samarasiz bo‘lgan. Aynan yangi tashkil etilgan jamg‘arma qarzdor uchun imkoniyat taqdim etdi. Ya’ni, davlat ijrochisining qaroriga asosan qarzdorlik jamg‘arma mablag‘lari hisobidan undiruvchi nomiga ochilgan plastik kartaga o‘tkazib berilishi ta’minlandi. Hozirda davlat ijrochilari jamg‘armadan qoplangan aliment to‘lovlari bo‘yicha qarzdordan mablag‘larni qaytarish bo‘yicha ijro harakatlarini amalga oshirmoqda.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA