Aliment pullarini toʻlamasang 15 sutkaga qamalasan
Kogon tuman sudining 2020-yil 7-maydagi qaroriga asosan R.Latipovga Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 474-moddasi bilan 15 (oʻn besh) sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
MIB Qorovulbozor tumani ish yurituvidagi fuqarolik ishlari boʻyicha Gʻijduvon tumanlararo sudining 2016-yil 1-apreldagi ijro hujjatiga asosan tumanda yashovchi B.Guburov undiruvchi A.Nasrulloyeva foydasiga uch nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun aliment toʻlashi belgilangandi.
Lekin fuqaro B.Guburov oʻtgan toʻrt yil vaqt mobaynida aliment pullarini toʻliq toʻlamagan va farzandlarining holidan xabar olmaganligi aniqlangan. Qarzdor B.Guburovning aliment toʻlovlarini ikki oy va undan ortiq muddat mobaynida toʻlashdan qasddan boʻyin tovlab kelgani oqibatida aliment qarzi 63 mln 249 ming 739 soʻmni tashkil etmoqda. Olib borilgan qidiruv tadbirlari natijasida B.Guburov MIB Qorovulbozor tumani boʻlimiga olib kelindi. Fuqarodan farzandlari uchun toʻlanadigan aliment toʻlovi vaqtida toʻlanmagani sababli tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.
Qorovulbozor tuman maʼmuriy sudining qaroriga asosan B.Guburov Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 474-moddasi bilan aybdor deb topilib, 15 (oʻn besh) sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.
Xuddi shunday holat Kogon tumani boʻlimi ish yurituvidagi aliment undiruvi bilan bogʻliq ijro hujjatiga asosan qarzdor R.Latipov undiruvchi O.Yangiyevaning foydasiga bir nafar voyaga yetmagan farzandining moddiy taʼminoti uchun ikki yildan beri toʻlanmaganligi aniqlangan. Karzdor fuqaro R.Latipov tomonidan ikki yildan ortiq vaqt mobaynida 14 mln 125 ming 104 soʻm aliment pullarini toʻlamasdan, nomaʼlum tomonga yashirinib yurganligi maʼlum boʻlgan. Qidiruv tadbirlari natijasida qarzdor R.Latipov ham topilib, unga nisbatan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Kogon tuman sudining 2020-yil 7-maydagi qaroriga asosan R.Latipovga Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 474-moddasi bilan 15 (oʻn besh) sutka maʼmuriy qamoq jazosi tayinlandi.