Al-Hakim at-Termiziy ziyoratgohi
Surxondaryo viloyati Termiz shahridagi al-Hakim at-Termiziy maqbarasi IX asrda qurilgan me’moriy yodgorliklardan.
Al-Hakim at-Termiziy maqbarasi qadimgi xonaqoh hujralaridan biriga qurilgan. At-Termiziy shu yerda murid-shogirdlari va boshqa darveshlarni qabul qilgan, ular bilan suhbatlashgan. Vafot etgach, shu xonaqohda dafn qilingan.
X–XI asrlarda At-Termiziy maqbarasi atrofiga ibodatxonalar qurilgan. XI asrda maqbaraning shimolida uch gumbazli ayvon, ayvon g‘arbiy devorida pishiq g‘isht bilan qoplangan mehrobdan iborat duo-ta’ziya masjidi barpo qilingan. Maqbara bir necha marta ta’mirlangan. Chingizxon vayron qilgunga qadar, XII asrda ham ta’mir etilgan. XIII asr oxirlarida Termizda mo‘g‘ul bosqinchilari vayronagarchiligi asorati tugatilgandan keyin majmua birmuncha kengaytirilgan. Buning asosiy sababi Al-Hakim Termiziyning obro‘si din homiysi sifatida yanada oshganligi bilan bog‘liqdir. XV asr boshlarida Amir Temurning nevarasi Halil Sulton Termizga hukmronlik qilgan davrda esa maqbaraning shimoli-sharqiy qismida hashamatli xonaqoh qurilgan. Shohruh zamonida Al-Hakim Termiziy mozori ustiga oq marmarli muhtasham sag‘ana o‘rnatiladi va maqbara quriladi.
[gallery-4228]
So‘nggi yillarda ziyoratgohda ta’mirlash va obodonlashtirish ishlari amalga oshirilib, majmua avvalgidanda ko‘rkam va obod maskanga aylangan.
Temur MAMADAMINOV (surat), O‘zA